Har bir inson yangi yilni kutib olar ekan, albatta tugayotgan yilda nimalarga ulgurdim nimalarni boy berdim, deb o‘ziga savol beradi. Vaholanki, har bir o‘tgan yil insonning hayotida yangi burilishlarga, o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi deputatlik birlashmalarining ishini muvofiqlashtirish va jamoatchilik qabulxonasi bilan ishlash bo‘limi faoliyatida ham o‘ziga xos natijalari bilan tarixdan joy olmoqda.
Xususan, yutuqlardan halovatga berilmay, boy berilgan imkoniyatlar xulosa chiqarib, 2025-yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan rejalar tuzib oldik. Davlat rahbarining ta’biri bilan aytganda, deputat bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir. Yangi yilda ushbu tamoyilni hayotiy prinsipga aylantirishni maqsad qildik.
Ma’lumki, keyingi vaqtlarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini bera boshladi. Bu boradagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengash tomonidan barcha mintaqalarda mahalliy Kengashlar deputatlarining bilim va ko‘nikmasi darajasini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlar tashkil etishdan boshlanganini alohida ta’kidlash joiz.
Ma’lumki, deputatlar turli sohalarda faoliyat yurituvchi, tajribali, fidoyi, jamiyatda hurmat qozongan va obro‘-e’tiborga ega shaxslar orasidan saylanadi. Lekin ular deputatlik faoliyatini qanday olib borishlari bo‘yicha alohida o‘qitilmaydi, bu borada xalq noiblari hayot maktabida olgan bilimlariga tayanishadi. Shundan kelib chiqib, ular bilan yaqindan tanishish, qalbidagini o‘rganish, niyat va maqsadlarini bilishga harakat qildik.
Shuningdek, deputatlarning huquq va majburiyatlari, ish faoliyatida amalga oshiradigan ishlari, huquqiy me’yoriy hujjatlar haqida ma’lumotlar berildi. Uchrashuvlarda mahalliy Kengash deputatlari tomonidan juda ko‘p takliflar bildirildi. Bu takliflar kelgusida ish faoliyatimizni yangi usulda davom ettirishga asos bo‘ladi.
Jumladan, Toshkent viloyati Piskent tumanidagi partiya guruhi rahbari D.Komilova chekka hududlarda tibbiyot xodimlari yetishmayotgani va bu masalani o‘rganib chiqish zarurligi to‘g‘risida, viloyat deputati A.Nosirov yosh deputatlarni ustoz-shogird tamoyili asosida o‘qitish, ularga yo‘l-yo‘riq berish taklifini ilgari surdi. Parkentliklar esa deputatlik guruhi yig‘ilishlarida hududlardagi muammolarni o‘rganilishi va uni tahlili jarayonida viloyat va Oliy Majlis deputatlarini ham jalb etish taklifini berdi.
Farg‘onalik deputatlar o‘rta ta’lim maktablarida bilim olayotgan yuqori sinf o‘quvchilarini qiziqishlaridan kelib chiqib, jamoatchilik va deputatlar tomonidan monitoringlar o‘tkazgan holda ularni toifalarga ajratish kerak, deb hisoblashini aytdi. Masalan, bunda “Ta’lim olishga qiziquvchi yoshlar”, “Kasb-hunarga qiziqqan yoshlar” yoki “maqsadsiz yoshlar” toifasiga ajratilib, har biri bilan individual ishlash talab etiladi. Har birining qiziqishiga ko‘ra ustozlar biriktirilishi va ularga amaliy yordam ko‘rsatilishi farzandlarimizning hayotda yo‘lini topishda qiyinchiliklarga duch kelishining oldini oladi.
Har bir hududning o‘z imkoniyati bo‘lganidek, yechimini kutayotgan masalalari ham turlicha. Shuni e’tiborga olgan holda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhlari bilan birga o‘rganishlarni manzilli tashkil etishni rejalashtirganmiz. Songa emas, ko‘proq sifatga urg‘u berish, o‘rganishning ijrosi, natijasi uchun harakat qilish bosh maqsadimiz etib belgilandi. Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari o‘rtasida doimiy aloqani o‘rnatish orqali elektoratimiz manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslarni, qonunchilik takliflarini ko‘paytirish imkoni yuzaga keladi.
Umuman olganda, yangi yilda hisobot uchun emas, natija uchun, halovat uchun emas, saylovchilarning roziligi uchun ishlashni burch sifatida belgiladik.
Mavjuda HASANOVA,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.