Joriy yilning 6-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini himoya qilish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali ularga kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini berish tizimini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatiga olishning normativ-huquqiy va tashkiliy asoslarini shakllantirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, loyihada aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan me’yorlar taklif etilmoqda. Ya’ni, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlariga kiritilmagan fuqarolarga qo‘shimcha tibbiy yordam hamda oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasi yo‘llanmasisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri pullik asosda tibbiy yordam ko‘rsatish masalasi ham loyihada o‘z aksini topmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining konsepsiyasini muhokama qilar ekan, undagi o‘zgarishlar avvalo aholi, saylovchilar manfaatlariga xizmat qilishi kerakligiga urg‘u berdi. Xususan, deputatlar joylarda tibbiyot mutaxassislari yetishmayotgan bir paytda ularga ma’lum bir sinovdan o‘tish talabi qo‘yilsa, sohaga qiziqish so‘nib qolmaydimi, degan savol bilan murojaat qildi.
Mas’ullar deputatlarning savollariga atroflicha javoblar berishdi. Shuningdek, deputatlar qonun loyihasi, ya’ni qonunchilik va malaka talablariga mos keladigan shaxslarni saralab olish orqali yaxshi mutaxassisga bo‘lgan talabni qondirib bo‘lmasligi ta’kidlandi. Malakali mutaxassislar safini kengaytirish masalasini oliy ta’lim tizimidan boshlanishi kerakligi, belgilangan talablardan o‘ta olmagan talaba diplom olish imkonini kechiktirish kabi chora-tadbirlar qo‘llash yaxshiroq samara berishi qayd etildi.
Uzoq muhokamalardan so‘ng fraksiya a’zolari tomonidan loyihani birinchi o‘qishda qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan yakuniy to‘xtamga kelindi va uni qo‘mitaga qaytarish fikri bir ovozdan ma’qullandi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi barcha masala atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.