Yangi yil — bu bir kunda o‘tadigan bayram yoki oila, yaqinlar davrasida nishonlanadigan tantanagina emas. Yangi yil — bu har bir inson uchun o‘tayotgan umrining sarhisobi, yangi maqsadlar, ulg‘ayish, kamolot sari qo‘yilgan qadamdir.
Davlatimiz rahbarining xalqimizga yangi yil tabrigida ta’kidlaganidek, jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘ldi. Buning uchun har qancha shukrona aytsak, arziydi. Tabrikning butun mazmun-mohiyati ayniqsa, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan oliyjanob maqsadni barchamiz birgalikda amalga oshiramiz”, degan da’vatli jumlalar partiya tashkilotlarimiz va deputatlarimizni yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu ishlarda yanada faol bo‘lishga chorlamoqda. Bu ular tomonidan bildirilayotgan munosabatlarda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Yaxshi va barakali yil bo‘lsin
Qizilgul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Ayni paytda biz 2024-yilning sarhisobini, nimalarga erishdig-u qaysi imkoniyatlarni boy berdik, deb mulohaza qiladigan, xatolardan xulosa chiqarib, yangi rejalar tuzadigan bir palladamiz. Bu fikrlar davlatimiz rahbarining xalqimizga yo‘llagan tabrigida ham alohida qayd etildi. Shu o‘rinda aytish kerakki, 2024-yil yurtimiz siyosiy hayotida tarixiy sana sifatida o‘rin oldi. Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda qator yutuq va marralarga erishildi.
Birgina sog‘liqni saqlash sohasini oladigan bo‘lsak, bu yo‘nalishga 5-6 yil avvalgiga nisbatan 6 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. Ya’ni, qariyb 33,4 trillion so‘m sohani rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash uchun yo‘naltirildi. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yangilandi, zamonaviy tibbiyot muassasalari barpo etildi, tizim mahallaga, odamlarga yaqinlashtirildi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yangi majmuada ish boshladi. Bularning barchasi aytishga oson, xolos. Amalga oshirish uchun esa jasorat, tashabbus va albatta katta mablag‘ zarur.
Bu kabi ijobiy natijalarni har bir sohada ko‘rishimiz mumkin.
Prezident tabrigida 2025-yilgi reja va maqsadlar ham avvalgisidan kam emasligiga e’tibor qaratildi. Xususan, Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida asosiy maqsad – inson va tabiat muvozanatiga asoslangan tizim yaratishdan iborat ekani ta’kidlandi. Tabiiyki, buning uchun ko‘p ishlarni amalga oshirish zarur. Yangi yil bu yangi imkoniyatlar demakdir.
Muhimi, joriy yilda ham ijtimoiy sohalar, ish haqi, pensiya va stipendiyalar, nafaqalar miqdorini oshirilib borilishiga alohida urg‘u berildi. Aholining salomatligini saqlash va yoshlarning ta’lim olishi uchun sharoitlar kengaytirilishi qayd etildi.
Yurtimizda bunday keng ko‘lamli maqsadlarning samarali amalga oshirilishiga hissa qo‘shish uchun albatta eng avvalo, har bir shaxs o‘z oldiga vazifalar belgilab olishi zarur. Biz ham deputat sifatida o‘z oldimizga qator masalalarni qo‘yganmiz. Qonun ijodkorligi yo‘nalishida ham tashabbuslarimiz bor. O‘ylaymanki, yangi yilimiz yaxshi va barakali yil bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining da’vati bilan
Maxsud SA’DULLAYEV,
O‘zbekiston XDP Amudaryo tuman Kengashi raisi, tuman Kengashidagi partiya guruhi rahbari:
— Prezidentimizning Yangi yil tabrigida “Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar demokratik islohotlarning yangi davriga qadam qo‘yganimizni yana bir marta tasdiqladi”, deya ta’kidlandi. Haqiqatan ham o‘tgan saylovlarda siyosiy partiyalarning dasturi ham, g‘oyalari ham bir-biridan farq qildi. Turli siyosiy mafkuralar kurashi ko‘zga tashlandi.
Saylovlar natijasiga ko‘ra, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashidagi 25 ta o‘ringa partiyamizdan 6 nafar deputat saylandi. Qisqa vaqt ichida yangidan saylangan deputatlar bilan partiyaning Harakat dasturida belgilangan masalalarni deputatlik guruhida o‘rgandik. Doimiy komissiyalar va sessiya kun tartibiga olib chiqib, partiya elektorati manfaatlariga daxldor qarorlar qabul qilinishiga erishdik. Deputatlarning o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlari ko‘lami va samaradorligi ortdi. Bularning barchasiga davlatimiz rahbarining “deputat va senatorlarni o‘zlari saylangan hududdagi muammolar tegishli vazirlik va hokimliklar tomonidan qay darajada hal etilayotganini doimiy o‘rganib, nazorat qilib borishga chaqiraman”, degan da’vati kuchli turtki bo‘ldi. Siyosiy partiyalar va deputatlar oldida turgan muhim vazifalar ma’lum. Ya’ni, elektoratimizni o‘ylantirayotgan masalalarni o‘rganish, aholini turmushini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar berish, turli dasturlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan nazorat o‘rnatishdan iborat. Umuman, xalqning yonida bo‘lish, ularning nomidan gapirish va faoliyatimizni ham xalq manfaatlari yo‘lida tashkil etish oliy burchimizga aylanmog‘i zarur. O‘z navbatida, Prezidentimiz tomonidan o‘rtaga tashlangan eng dolzarb va xalqchil tashabbuslar, muhim takliflar, belgilab berilgan hayotiy vazifalarning mazmun-mohiyatini saylovchilar, elektoratimiz vakillariga yetkazishda doim faol bo‘lishimiz talab etiladi.
Jamiyatni harakatga chorlab, kelajakka ishonch uyg‘otadi
Zulfiya TO‘YYEVA,
O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat kengashi raisi:
— Davlatimiz rahbarining bayram tabrigida 2024-yildagi ortga qaytmas islohotlar, har bir muhim yo‘nalishga to‘xtalib o‘tildi. Shu bilan birga, joriy yilda oldimizda turgan eng ustuvor masalalarga e’tibor qaratildi. Zero, ilgari surilgan g‘oyalar va undovlar jamiyat uchun foydali, manfaatli va dolzarb sanaladi. Chunki, kelajak uchun qo‘yilgan aniq maqsadlar va vazifalar barchamizga yangicha shijoat bag‘ishlaydi.
Qayd etish kerakki, dunyoda tahlikali vaziyat hukm surayotgan bir davrda milliy iqtisodiyotimizda o‘sishlar, rivojlanish davom etmoqda. Bu o‘z navbatida sohalar kesimida yangi yutuqlarga ham yo‘l ochayapti. Shu bilan birga, jahon arenasidagi nufuzimizni yanada mustahkamlashga, o‘zbekning kimligini ko‘rsatishga imkon bermoqda. Bularning barchasi aniq va maqsadli tashabbuslar natijasidir. Qolaversa, inson manfaati har narsadan ustun degan asosiy g‘oyaga yo‘g‘rilgan islohotlar xalqimiz farovonligi va tinchligiga xizmat qilmoqda.
2024-yilgi saylovlar mamlakatimizda demokratik tamoyillarni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim voqea sifatida tarixdan joy oldi. Jarayonlar ochiqlik, shaffoflik va xalqning erkin irodasini ifoda etish tamoyillariga asoslangan holda o‘tgani, demokratik islohotlarning yangi bosqichiga qadam qo‘yganimizni ko‘rsatib berdi. Saylovlarda aholining faol ishtirok etishi, partiyalar va nomzodlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat muhiti, fuqarolarning siyosiy madaniyatining o‘sganini ko‘rsatdi. Bu jarayon davlat va jamiyat rivojlanishida har bir fuqaroning o‘rni, mas’uliyati muhim ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Shuningdek, saylovlarda qabul qilingan yangi siyosiy jarayonlar va islohotlar xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu jarayonlarda yoshlar, xotin-qizlar va faol fuqarolarning hamkorligi kuchaydi. Bularning barchasi mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni chuqurlashtirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lida yangi imkoniyatlarni yaratdi.
Bundan tashqari, iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot yoki madaniyat sohalariga oid ta’kidlangan maqsadlardan ushbu sohalarda kutilayotgan o‘zgarishlarni tasavvur qilish qiyin emas. Prezidentimizning Yangi yil tabrigi xalqimizda yurt taraqqiyoti va o‘z kelajagiga bo‘lgan ishonchni yanada orttirdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Yangi O‘zbekiston g‘oyasi real voqelikka aylanmoqda
Doniyorbek JUMABOYEV,
“UZAUTO MOTORS” AJ transport bo‘limi ta’minotchisi, O‘zbekiston XDP boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi:
— Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigida aytgan fikrlari albatta 2025-yilgi ishlarimizda dasturulamal bo‘ladi. Tabrikda “Yangi O‘zbekiston g‘oyasi real voqelikka aylanmoqda”, degan so‘zlarning isbotini o‘z yashayotgan manzilimiz, o‘qish va ish joylarimiz, odamlarning hayotidagi o‘zgarishlarda ko‘rib turibmiz. Haqiqatan ham hududlarda yangi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliygohlar, madaniyat va sport maskanlari qad ko‘tarmoqda. Yurtimiz tobora obod qiyofa kasb etib bormoqda. Minglab yurtdoshlarimiz Yangi yilni yangi uylarda kutib olmoqda. Bunday bunyodkorlik ishlari xalqimizning fidoyi mehnati, davlatimizning oqilona siyosati natijasidir.
O‘z faoliyatimiz va yo‘nalishimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bugun odamlar ancha faol, siyosiy uyg‘oq va o‘zining mustaqil fikri, aniq maqsadlariga ega. Bu albatta odamni quvontiradi, ishimizga yangi ruh va tashabbus bilan yondashishga ilhom beradi.
“UZAUTO MOTORS” qo‘shma korxonasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining boshlang‘ich tashkiloti tuzilgan. Mana 3 yildiriki, ushbu kichik bo‘g‘inni boshqarib kelyapman. 1991-yilda yangi tashkil topganida 272 nafar a’zo bo‘lgan, hozirga kelib a’zolar soni 1500 ga yaqinlashdi. Yaqinda jamoamizdagi 130 nafar yoshlar partiyamiz safiga qabul qilindi. Partiyamiz tarafdorlari, a’zolarimiz soni ortib borayotgani ijtimoiy sohadagi tashabbuslarimizni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xayrli tashabbuslar, yutuq va marralarga boy bo‘ladigan yilda tinchlik va osoyishtaligimiz bardavom bo‘lishiga tilak bildiraman.
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Zilola UBAYDULLAYEVA yozib oldi.
«O‘zbekiston ovozi», 8.1.2025, №1