Mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari samaradorligini oshirish dolzarb ahamiyatga ega. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan joylarda mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida o‘quv-seminarlar tashkil etilgani shu nuqtai nazardan alohida diqqatga molikdir.
Ma’lumki, deputatlar turli sohalarda faoliyat yurituvchi, tajribali, fidoyi, jamiyatda hurmat qozongan va obro‘-e’tiborga ega shaxslar orasidan saylanadi. Lekin ular deputatlik faoliyatini qanday olib borishlari bo‘yicha alohida o‘qitilmaydi, bu borada xalq noiblari hayot maktabida olgan ko‘nikmalariga tayanishadi.
2024-yilning 2-dekabridan 25-dekabriga qadar hududlarda o‘tkazilgan o‘quv-seminarlar mahalliy Kengashlarga yangi saylangan 1 ming 200 nafar deputat uchun nafaqat o‘zaro bilim va tajriba almashish, balki elektorat manfaati yo‘lidagi faoliyatining eng ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishiga imkon berdi.
E’tiborlisi, o‘quv davomida mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz tomonidan juda ko‘p takliflar bildirildi. Bu takliflarning aksariyati hayotiyligi bilan chindan ham tarozi bosadi. Masalan, Toshkent viloyati Piskent tumani deputatlik guruhi rahbari D. Komilova chekka hududlarda malakali tibbiyot xodimlari yetishmayotgani va bu masalani yuqori tashkilotlarda o‘rganib chiqish zarurligiga urg‘u bergan bo‘lsa, viloyat deputati A. Nosirov yosh deputatlarni ustoz-shogird tamoyili asosida shakllantirish zaruratiga diqqat qaratdi. Parkent tumani deputatlik guruhi rahbari X. Muhiddinov esa deputatlik guruhi yig‘ilishlarida hududlardagi muammolarni o‘rganish va tahlil qilish jarayoniga viloyat hamda Oliy Majlis deputatlarini ham jalb etish taklifini berdi.
Xuddi shunday, xalq deputatlari Furqat tuman Kengashi deputati B. Rahmatullayev umumta’lim maktablarida yuqori sinf o‘quvchilarining qiziqishlaridan kelib chiqib, jamoatchilik va deputatlar tomonidan monitoringlar o‘tkazgan holda ularni toifalarga ajratish kerakligini aytib o‘tdi. Uning fikricha, birinchi toifaga “Ta’lim olishga qiziquvchi yoshlar” deb nom berish va bu toifaga kiritilgan o‘quvchilarga malakali o‘qituvchilarni biriktirgan holda oliy ta’limga kirishi uchun ko‘maklashish, ikkinchi toifa, ya’ni, “Kasb-hunarga qiziqqan yoshlar” uchun mahalladagi usta-hunarmandlar bilan birga “ustoz-shogird” an’anasini joriy qilib, kelajakda yuqori daromad oluvchi tadbirkor yoki hunarmand bo‘lib yetishishlariga erishish va nihoyat, uchinchi toifa - “Maqsadsiz yoshlar”, ya’ni, keyinchalik boqimandalik holatiga tushishga moyil bo‘lgan o‘quvchilar bilan mahalla yettiligi, ta’lim muassasasi hamkorligida tizimli ish olib borish kerak. Bu bo‘yicha amaldagi qonunchilikni ko‘rib chiqish ham maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Darvoqe, xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashi deputati I. Sultonov barcha tuman va shaharlarda kasb-hunarga qiziqqan yoshlar va xotin-qizlardan ming nafarini “Ibrohimjon gilamlari” xususiy korxonasida bepul kasanachilik, gilamdo‘zlikka o‘qitib, keyinchalik doimiy ish bilan ta’minlash taklifini berdi. Bu borada barcha darajadagi partiya tashkilotlari va deputatlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Xalq deputatlari Quva tuman Kengashi deputati O. Olimov XDPning asosiy elektorati sanalgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim va mehnat integratsiyasini takomillashtirish, shuningdek, “Imkoniyati cheklangan davlat xizmatchisi” davlat dasturini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
Endilikda respublikamizdagi har bir hududning mavjud muammolari va ehtiyojlaridan kelib chiqib, deputatlik guruhlari o‘rganishlarini manzilli amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Nazorat-tahlil va jamoatchilik nazorati tadbirlarini quyi palatadagi fraksiyamiz deputatlari va mahalliy Kengashlar hamkorligida tashkil etishni mo‘ljallamoqdamiz. Bu esa siyosiy partiyaning fraksiya a’zolari va quyi tizimdagi mahalliy Kengashlar deputatlarining bahamjihatlikdagi samarali faoliyatini ta’minlaydi. Muhimi, XDPning elektorat ishongan, umid qilgan yuzdan ortiq haqchil va xalqchil g‘oyalari bosqichma-bosqich hayotiy isbotini topib borishiga xizmat qiladi.
Mavjuda HASANOVA,
O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.
«O‘zbekiston ovozi», 8.1.2025, №1