Yashash sifatini yaxshilash – bosh maqsad
Yashash sifatini yaxshilash – bosh maqsad

 

Yangi yilga nom berilishi va shunga mos ravishda Davlat dasturi ishlab chiqilishi xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada jipslashtirishga xizmat qilmoqda. Keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili Davlat dasturi bo‘yicha Prezident Farmoni hamda dastur loyihasidagi barcha vazifa-tashabbuslar yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi fikrlarni ifodalamoqda.

Davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha bosh hujjat, eng avvalo, inson uchun, uning huquq va manfaatlari himoyasi uchun yo‘naltirilgandir. Mulohaza qilinsa, atrof-muhitni asrash, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish birinchi navbatda insonni asrash va unga qulay sharoit yaratishni anglatadi.

Alohida ta’kidlash kerakki, Davlat dasturi loyihasidagi aksariyat vazifalar turmush tarzini yanada yaxshilash, ijtimoiy masalalarni samarali hal etish bilan chambarchas bog‘liq. Shu nuqtai nazardan Farmon va Davlat dasturi loyihasi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari bilan har tomonlama hamohangdir.

Resurs tejamkor iqtisodiy rivojlanish modeliga o‘tish orqali 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foiz va uning hajmini 200 milliard dollarga yetkazish, inflatsiyani 5 foiz darajasida saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish eng muhim maqsad, deb belgilandi.

Fuqarolar o‘rtasida “Tejamkorlik va barqarorlik” tamoyili asosida yangicha ijtimoiy munosabatlar rivojlantirilishi, mahallalarning ekologik qiyofasi yaxshilanishi, yashillik darajasi oshirilishi, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhiti shakllantirilishi, aholi salomatligi yaxshilanishi, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun keng sharoit yaratilishi mamlakatimizdagi ijtimoiy muhitni yangi darajaga ko‘taradi.

Dastur loyihasida partiyamiz elektorati manfaatlari himoyasiga xizmat qiladigan vazifalar belgilanmoqda. Xususan, respublikamizning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktab faoliyati tashkil etilishi qayd etilyapti. Bu jamiyatimizni bosqichma-bosqich inklyuzivlashtirishda strategik ahamiyatga ega masala hisoblanadi.

Bolalar qanday oila va sharoitda voyaga yetayotganidan qat’i nazar, ta’limda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi muhim, deb hisoblaymiz. Hujjat loyihasida joriy yilning o‘zida 3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilinishi vazifasi qo‘yilgani qanchadan-qancha yoshlar va oilalarning kelajakka ishonchini oshiradi.

Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda transyog‘lardan foydalanishning cheklangan miqdorlarini belgilash bo‘yicha sanitariya qoidalari va me’yorlari Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirilishi nazarda tutilgani ham dasturiy vazifalarimiz bilan mos keladi.

Keyingi yillarda kam daromadli oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash islohotlarning juda muhim strategik yo‘nalishiga aylandi. Joriy yilda ham bu borada dolzarb vazifalar belgilanayotganini alohida qayd etish joiz. Jumladan, 100 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berish orqali 200 ming nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zlanmoqda.

Yuqorida keltirilgan va boshqa ko‘plab vazifa-tashabbuslarga asoslangan holda, Davlat dasturi loyihasi yurtimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat izchil davom etishining o‘ziga xos kafolati bo‘lmoqda.

Shunga muvofiq, Xalq demokratik partiyasi Farmon va Dastur loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, albatta, tashkilotlari, barcha darajadagi deputatlik korpusi orqali qo‘shimcha takliflarini ham beradi.

Faollarimiz, elektorat vakillarimiz hamda xayrixohlarimiz dastur loyihasi muhokamasi va uning hayotga tatbiq etilishida faol ishtirok etadi.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish