Shu kunlarda 2025-yilgi davlat dasturi loyihasi xalq bilan keng muhokama qilinmoqda. Bu esa mamlakatda demokratiya prinsiplari amalda bo‘lganidan dalolatdir. Mazkur jarayonda, tabiiyki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, davlat dasturiga munosabat bildirishni muhim, deb hisoblaydi.
Dasturning loyihasida aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, bandlik darajasini oshirish, ta’lim va tibbiyot sohalarini rivojlantirish borasida belgilangan maqsadlar partiyamizning asosiy g‘oyalari bilan muvofiq keladi. Jumladan, davlat dasturida ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik darajasini pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar partiya dasturining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishda davlat dasturida kam ta’minlangan oilalar uchun ijtimoiy uy-joylar qurish va ularni subsidiyalash masalalari ko‘tarilgani partiya elektorati tomonidan ijobiy baholanadi.
Ta’lim sifati va tibbiy xizmatlarga e’tibor davlat dasturining muhim yo‘nalishlari hisoblanadi. O‘zbekiston XDPning pozitsiyasiga ko‘ra, aholining barcha qatlamlari uchun teng imkoniyatlar yaratilishi, xususan, qishloq hududlarida ta’lim va tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak.
Davlat dasturi loyihasida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar zamirida bepul va yuqori sifatli ta’limni ta’minlash uchun o‘qituvchilar maoshini oshirish va ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash zarurligi belgilangan. Bu chora-tadbirlar partiyaning ijtimoiy adolat tamoyillariga javob beradi. Har bir davlat organida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etish va jamoatchilikning budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan nazoratini ta’minlash muhim masala hisoblanadi. Davlat xizmatchilari uchun moliyaviy shaffoflikni oshirish maqsadida ularning daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish majburiyatini qonun darajasida joriy etish lozim.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi davlat dasturi loyihasini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda o‘z takliflarini ham bildiradi. Xususan, ijtimoiy himoya uchun ajratilayotgan budjet mablag‘lari kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, pensiya va nafaqalarni inflatsiya darajasidan ortiqroq miqdorda oshirish hamda kambag‘allikka qarshi kurashda ish o‘rinlari yaratishga ko‘proq e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylaymiz. Qolaversa, kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshirish uchun aholi daromadlarini hisoblashning zamonaviy tizimini joriy etish hamda ijtimoiy xizmatlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida jamoatchilik kuzatuvi imkoniyatini yaratuvchi raqamli platforma tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratishda ishlab chiqarish sohalariga ustuvor e’tibor qaratish, chunki sanoat tarmog‘i har bir ish o‘rniga qo‘shimcha iqtisodiy qiymat yaratishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, 2025-yilgi davlat dasturi loyihasi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim asosidir. 2025-yilgi davlat dasturi xalq bilan muloqotda, ularning haqiqiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda amalga oshirilsa, mamlakat taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tariladi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bu jarayonda o‘zining ijtimoiy adolat va xalq manfaatlarini himoya qilish borasidagi pozitsiyasini izchil amalga oshiradi.
Shoxrux O‘KTAMOV,
O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi v.b.