Ortiqboyeva Hayotxon Qodirovna 1946-yil 22-avgustda Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan ayol o‘qituvchilikdan boshlab, turli lavozimlarda ishlab keldi. Senatorlik darajasigacha ko‘tarildi.
Ijodkorlik, deputatlik, senatorlik va boshqa bir qancha faoliyatni bir vaqtda olib borgan, ko‘plab xotin-qizlarning yo‘lboshchisi, maslahatgo‘yi bo‘lgan shirinsuxan ayol, afsuski, endi oramizda yo‘q.
Hayotxon Ortiqboyeva ismi nafaqat Sirdaryoda, balki respublikamizda ham yaxshi tanish edi. Zero, viloyatda adabiy muhit u kishining nomi bilan bog‘liq, madaniy-ma’rifiy tadbirlar esa uning ishtirokisiz o‘tkazilmasdi.
Marhumani taniganlar uning metin irodasiga, qat’iyatiga, saviyasiga qoyil qolib, har qanday ishni boshlashdan avval mushohada qilib olishiga, atrofdagilar bilan (o‘zlaridan kichik bo‘lsa ham) maslahatlashishiga ko‘p marta guvoh bo‘lganini ta’kidlaydi.
Yana bir muhim jihati, ayolni yuzlab, hatto minglab yoshlar ustoz deb bilgan, ustoz deb murojaat qilgan. Son-sanoqsiz ijodkor qizlarning yutuqlariga hissa qo‘shgan. Qanchadan-qancha odamlarning dardiga quloq tutgan, mushkulini oson qilgan.
H.Ortiqboyeva senatorlik va deputatlik faoliyati davomida ko‘p masalalar yechim topgan. Chekka-chekka mahallalardan ham marhumani izlab keluvchilar, darmon istaganlar ko‘p bo‘lgan. Parlamentga masala kiritishda, so‘rov yuborishda, qonunlar muhokamasida xalq va Oliy Majlis o‘rtasida ko‘prik bo‘lgan.
Ammo hayot bir tekisda o‘tmaydi. Bir necha yil oldin og‘ir dardga chalindi. Ko‘p o‘tmay turmush o‘rtog‘idan ham ayrildi. Shunga qaramay, oyoqqa turib, farzandlari, nabiralari, qolaversa, yoshlar uchun ibrat bo‘lishda dadillik, kuch topa olgan edi.
Metin iroda, yuksak salohiyat egasi, qalbiga jasorat va mehrni birdek joylay olgan, yaxshilik qilishni hayot mazmuniga aylantirgan marhumaning yaqinlariga, oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Ko‘p ming sonli partiyamiz a’zolari, xalqimiz Hayotxon Ortiqboyeva nomini unutmaydi. Yaxshi va go‘zal xotiralar bilan xotiralarida saqlaydi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi.