O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi partiya va deputatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni boshlab yubordi. Xususan, turli o‘quvlar tashkil qilib, deputatlarning faoliyati, ularga berilgan vakolatlar, burch hamda vazifalar haqida tushuntirilmoqda. Shu bilan birga, ushbu jarayonda partiya hamda markaz bilan aloqalar va munosabatlarni shakllantirishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday tadbir partiya Markaziy Kengashida bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan o‘quvda Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova bugungi kun talabi hamda olib borilayotgan islohotlardan kelib chiqib, yangi saylangan deputatlar oldida turgan ustuvor vazifalar, g‘oya va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda partiya guruhlarining roli haqida tushunchalar berdi.
Seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova mahalliy Kengashlar faoliyatida qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishning eng muhim sharti jamoatchilik muhokamalari bo‘lib fuqarolarning fikrlari o‘rganish hamda inobatga olgan holatda “tuman-viloyat-Markaz” tartibidagi tizim orqali takliflar ishlab chiqish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Joylarda muhokama qilingan qonun loyihalari asosida ishlab chiqilgan takliflar doimiy ravishda fraksiyaga berib borilishi ta’kidlandi.
Seminarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezidenti farmoni loyihalari ham muhokama qilindi. Dastur loyihasi bo‘yicha fikr bildirilib, takliflar olindi.
Xususan, xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi Muhammadjon Mirzayev xalqimizning kundalik oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish zarurligini qayd etdi. Joylarda bu borada nazorat o‘rnatilgani ta’kidlandi. Shuningdek, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda markazlashtirilgan filtrlar o‘rnatilishini nazoratga olish, nogironligi bor shaxslarga elektron aravachalar olib berilishini raqamlashtirish va elektron sigaretlardan yoshlarni cheklash masalasi bo‘yicha o‘zining takliflarini bildirdi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, fikr-mulohazalarini bildirdi.