Yangi davlat dasturi loyihasi kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishda muhim omil
Yangi davlat dasturi loyihasi kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishda muhim omil

 

Davlatimiz rahbari tomonidan har yili yangi yilga nom berish uzoq yillik an’anaga aylangan bo‘lib, bu orqali davlat va jamiyatning yil davomida har tomonlama aholi farovonligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. 2025-yilga ham nom berilishi va shunga mos ravishda Davlat dasturi ishlab chiqilishi xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada jipslashtirishga xizmat qilmoqda. Keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili Davlat dasturi bo‘yicha Prezident Farmoni hamda dastur loyihasidagi barcha vazifa-tashabbuslar yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi fikrlarni ifodalamoqda.

Davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha bosh hujjat, eng avvalo, inson uchun, uning huquq va manfaatlari himoyasi uchun yo‘naltirilgandir. Mulohaza qilinsa, atrof-muhitni asrash, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish birinchi navbatda insonni asrash va unga har tomonlama qulay shart-sharoit yaratishni anglatadi.

Alohida ta’kidlash kerakki, Davlat dasturi loyihasidagi aksariyat vazifalar turmush tarzini yanada yaxshilash, ijtimoiy masalalarni samarali hal etish bilan chambarchas bog‘liq. Shu nuqtai nazardan Farmon va Davlat dasturi loyihasi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari bilan har tomonlama hamohangdir.

Shuningdek, dastur loyihasida ustuvor yondashuvlar resurs tejamkor iqtisodiy rivojlanish modeliga o‘tish orqali 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foiz va uning hajmini 200 milliard dollarga yetkazish, inflatsiyani 5 foiz, budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishishga asos bo‘ladi.

Bunda, 2025-yilda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy qilish, iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish borasida:

Parij bitimining talablaridan kelib chiqib, O‘zbekistonning uglerod neytralligiga erishishining uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilishi;

iqlim o‘zgarishiga moslashish, “yashil texnologiya”lar transfertini inobatga olgan holda global miqyosda mamlakatimizni kelgusi 5 yilda issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha Milliy miqyosda belgilangan hissa (NDC) e’lon qilinishi;

metan emissiyasini qisqartirish majburiyati doirasida tabiiy gaz, chiqindilar va chorvachilik sohalarida metan emissiyasining bazaviy holati aniqlanishi;

umumiy quvvati 3,5 Gigavatt bo‘lgan 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyacini ishga tushirish, umumiy quvvati 160 megavattli yirik gidroelektrostansiyalarni barpo etish orqali jami elektr energiyasi generatsiyasidagi ulushini 26 foizga yetkazilishi;

qisqartirilgan issiqxona gazlari savdosidan kamida 10 million dollar miqdoridagi xorijiy mablag‘lar jalb qilinishi;

Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon kabi turistik shaharlarni kompleks “yashil rivojlantirish”ga qaratilgan dastur ishlab chiqilib, amalga oshirilishi;

Mirishkor, G‘ijduvon, Romitan, Chimboy va Amudaryo tumanlarining kompleks iqtisodiy rivojlanish master rejalari tajriba-sinov tariqasida “yashil tamoyil”lar asosida ishlab chiqilishi;

2025-yilda yangi quriladigan bino-inshootlar va uy-joylar energiya samaradorligidan kelib chiqib, “Yashil bino” sertifikati joriy etilishi belgilanganligi aholini yashash tarzini yangi bosqichga olib chiqadi.

Keyingi yillarda kam daromadli oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash islohotlarning juda muhim strategik yo‘nalishiga aylandi. Joriy yilda ham bu borada dolzarb vazifalar belgilanayotganini alohida qayd yetish joiz. Jumladan, 100 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berish orqali 200 ming nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zlanmoqda.

Yuqorida keltirilgan va boshqa ko‘plab vazifa-tashabbuslarga asoslangan holda, Davlat dasturi loyihasi yurtimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat izchil davom etishining o‘ziga xos kafolati bo‘lmoqda.

 

Anvarjon NURMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish