Shu kunlarda xalqimiz yurtimizdagi eng muhim va tarixiy sanani bayram qilmoqda. Ya’ni, Vatan himoyachilari kuni va mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi keng nishonlanmoqda. Kecha shu munosabat bilan davlatimiz rahbari ham soha xodimlariga bayram tabrigini yo‘lladi.
Ana shunday qutlug‘ ayyom kunlarida har bir inson Vatan nechog‘lik aziz va muqaddas go‘shaligi, uning himoyasi chinakam mardlik, fidoyilik ekanini yanada teranroq his qiladi.
O‘z hayotini Vatanni himoya qilishdek ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan soha xodimlarining ulug‘ va sharafli xizmatini qayta-qayta e’tirof etadi.
Inson uchun kindik qoni to‘kilgan joydan qimmatli dargoh bo‘lmasa kerak. Kishi qayerda bo‘lmasin tomiri suv ichgan tuproqqa talpinadi, ona Vatan deb atalgan go‘shani yuragining tub-tubida asraydi, ardoqlaydi. Chunki unda ajdodlarning izlari qolgan, u ota-bobolardan meros. Kishi Vatanidagi tuproqda ilk qadamlarini qo‘yadi, dunyoni, atrofni tanishni Vatanni anglashdan boshlaydi. Bizni bag‘rida erkalab o‘stirgan, farzandlarimizga beshik bu go‘sha. Shuning uchun Vatan inson uchun muqaddas, uning qiyosi yo‘q, u har qancha sevishga, ardoqlanishga va qadrlanishga loyiq.
Hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Bugun dunyoning ayrim davlatlarida ahvol keskinlashib, nihoyatda notinch vaziyat yuzaga kelgan. Shunday tahlikali zamonda mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini ishonchli ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega. Tinchligimizni asrab, bugungi yutuq va marralarimizda ham Qurolli Kuchlarimiz va ularning safida xizmat qilib, yurt tinchligi va xavfsizligini himoya qilishda jasorat va matonat ko‘rsatayotgan ming-minglab harbiylarimizning munosib hissasi borligini barchamiz chuqur his qilamiz.
Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulug‘ ishni sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur harbiylarimiz bor bo‘lsin, deymiz!
Kuni kecha mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida davlatimiz rahbarining Farmoni e’lon qilindi. Mamlakatimiz mudofaa qudratini oshirish, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini yuksaltirish, professional milliy armiyani shakllantirish, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashdagi katta xizmatlari, sharafli va muqaddas burchini bajarishda mardlik va jasorat ko‘rsatgani, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh vatanparvar yurtdoshlarimiz mukofotlandi. Albatta, bu ishonch, rag‘bat soha xodimlariga kuch-quvvat, shijoat bag‘ishlaydi.
Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi ham soha xodimlari qatori barcha yurtdoshlarimizning ruhini, kayfiyatini ko‘tardi. Bayram tabrigida keltirilgan fikrlar, aynan Yurtboshimizning soha xodimlariga bildirgan minnatdorligi va ishonchi faxr-iftixor bilan e’tirof etilmoqda.
Bayram tabrigini tinglab, o‘qib, eshitib, Xalq demokratik partiyasi vakillari, deputatlar, faollar o‘z fikr hamda xulosalarini tahririyatga jo‘natishdi.
Sayyora ABDUKARIMOVA,
Oliy Majlis Senati a’zosi:
– Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari davlatimizning hududiy yaxlitligi, xalqimizning osuda hayotini ta’minlashning asosi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aytish kerakki, keyingi yillarda milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan kuchga, el-yurtimiz tayanchi va suyanchiga aylandi.
Bugun O‘zbekiston professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli, mamlakatimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir milliy armiyasiga ega.
So‘nggi vaqtlarda dunyoning turli joylarida keskin tus olayotgan vaziyat, turli qarama-qarshiliklar, mojaro va qon to‘kishlar, xalqaro terrorizm xavf-xatarlari kuchayib borayotgani Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va jangovar qobiliyatini har tomonlama mustahkamlashni talab etadi. Hozirgi tahlikali zamonda o‘z suvereniteti, erkinligini himoya qilish, asrash uchun mamlakat eng avvalo harbiy jihatdan kuchli bo‘lishi kerak. Ichki ishlar organlari xodimlari va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan, Vatanimiz va xalqimiz tinchligi va xavfsizligini himoya qilayotgan Qurolli Kuchlarimiz mamlakatning bu boradagi tayanchi va suyanchi bo‘lib, beqiyos matonat namunasini ko‘rsatib kelmoqda.
Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida barcha qo‘shin turlari zamonaviy qurol-yaroq va texnika bilan ta’minlanayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib, milliy armiyamiz ular uchun, yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanayotgani alohida e’tirof etildi.
Haqiqatan ham o‘tgan yillar mobaynida tizimda olib borilgan islohotlar natija sida Qurolli Kuchlarimizning qudrati va salohiyati yanada yuksaldi. Milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlandi.
Tariximizda ilk bor o‘z mohiyatiga ko‘ra noyob tizim — harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish imkonini berdi. Mudofaa sanoatida mahalliylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Mudofaa sanoati majmuasi korxonalari faol rivojlantirilmoqda, ayrim turdagi qurol-yarog‘ va texnika turlarini ishlab chiqarish va modernizatsiya qilishni mahalliylashtirish boshlandi.
Natijada sohaning moddiy-texnik bazasi yangilandi. Harbiy xizmatchilarning kasbiy bilim va mahorati oshirilib, moddiy ta’minoti yangi darajaga ko‘tarildi. Shuningdek, har tomonlama bilimli, mahoratli, jasur va dovyurak, irodali Vatan himoyachilarini tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qara tilmoqda.
Xususan, harbiy o‘quv yurtlarimizdagi ta’lim tizimi esa tubdan o‘zgarmoqda. Ularda bo‘lg‘usi ofitserlarni tayyorlash va tarbiyalash hozirgi zamon talablariga to‘la mos keladigan, prinsipial jihatdan mutlaqo yangi bo‘lgan o‘quv-texnik va ma’naviy-axloqiy asosda yo‘lga qo‘yilgan.
Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham jiddiy e’tibor berilmoqda. So‘nggi yillarda Vatan himoyachilarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi mustahkamlanib, ko‘plab oilalar uy-joy bilan ta’minlanib, harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli asosda o‘qishga kirganini ham alohida ta’kidlash joiz. Bu harbiylarimiz oilalarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar qalbida armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usi, Vatan himoyachisidek olijanob kasbga hurmat-ehtirom hissini yanada kuchaytirishda muhim, albatta.
Dilbar MAMADJANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
– Inson uchun tinchlik-osoyishtalikdan azizroq ne’mat yo‘q. Tinch va osoyishta hayotimiz, yorug‘ va bexavotir kunlarimiz esa harbiylarimizning fidoyiligi, sadoqati, matonatiga bog‘liq. Zero, ular bugungi tinch-osoyishta, dorilomon, farovon hayotimizning kafolatidir.
Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qir ekanman, tizimda olib borilayotgan katta islohotlar birma-bir xayolimdan o‘tdi.
Ehtimol, o‘tgan qisqa davr tarix oldida katta raqam emasdir, lekin shu vaqt ichida harbiy sohada olib borilgan tizimli islohotlar natijasida mamlakatimizning harbiy salohiyati yanada yuksaldi. O‘zbekiston armiyasi dunyoning eng kuchli 20 taligiga kirdi.
Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi sezilarli ravishda kuchaytirildi. Bugun xalq bilan armiyaning birligi, yakdilligi amalda to‘liq namoyon bo‘lib, harbiy xizmat jamiyatda chinakam sharafli kasbga aylandi.
E’tiborli yana bir jihati, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida Qurolli Kuchlarning raqamli salohiyatini oshirish va axborot xavfsizligini ta’minlash, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan. Ushbu dasturiy hujjatda qo‘shinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy jang va harbiy mojarolar hamda xorijiy armiyalarning ilg‘or tajribasini o‘rganish asosida qo‘shinlarning jangovar shayligi va mahoratini rivojlantirish ham o‘z ifodasini topgan.
Bugungi qutlug‘ ayyomda yana bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman. Hozirgi kunda Qurolli Kuchlar tizimidagi tub islohotlarda “Inson qadri uchun” degan muhim tamoyil markaziy o‘ringa qo‘yilmoqda.
Sohadagi sa’y-harakatlar yoshlar qalbida armiya bilan faxrlanish, Vatan himoyachisi bo‘lishga intilishni kuchaytirmoqda. Qurolli Kuchlar akademiyasi, yangi tashkil etilgan Harbiy-tibbiyot akademiyasi, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari va boshqa ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari professional kadrlar tayyorlanadigan maskanlarga aylandi. Bu orqali yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish va intilish yanada oshdi.
Davlatimiz rahbari bayram tabrigida “Bugungi kunda navqiron avlodimiz o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz Vatan himoyasiga dadil bel bog‘layotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Biz ana shunday o‘tyurak farzandlarimiz timsolida bo‘lg‘usi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning bo‘lajak ofitser va generallari, mohir qo‘mondonlarni ko‘ramiz”, deya ta’kidlagani mard va jasur yoshlarimizga bildirilgan yuksak ishonchdan dalolat.
Milliy armiyamizda o‘z burchini o‘tab qaytgan fuqarolarning keyingi faoliyati ham davlatimizning doimiy e’tiborida.
Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda ularga alohida imtiyozlar belgilangani, ishga joylashishda amaliy yordam ko‘rsatilayotgani ana shular jumlasidandir.
Bu boradagi islohotlar izchil davom ettiriladi. Bayram tabrigida harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda boshlang‘ich harbiy ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilishi alohida qayd etildi. Askar va ofitserlarning professional mahorati, harbiy bilim yurtlarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, malakali harbiy kadrlar zaxirasini yaratish doimo ustuvor vazifa bo‘lishi ta’kidlandi.
Maqsadlar katta, vazifalar ko‘lami keng. Eng muhimi, bularning barchasi mamlakatimiz Qurolli kuchlarining salohiyatini, qudratini yanada yuksaltiradi. Tizimda boshlagan ishlarimizni mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘taradi.
Bayram munosabati bilan barcha Vatan himoyachilarini samimiy tabriklaymiz. Biz jasoratingiz va matonatingiz oldida bosh egamiz. Jangovar ruhingiz va shiddatingizga ko‘z tegmasin!
***
Ota-bobolarimiz harbiylik — mardlar kasbi, deb ko‘p uqtirishgan. Shuning uchun ham Vatan himoyachilari doimo ulug‘lanadi, sharaflanadi. Vatan aziz, uni muhofaza qilish ulug‘vor jasoratdir. Shu bois ham uni muqaddas burchga mengzashadi. Ana shu ulug‘ burchni sidqidildan ado etayotgan mard-jasur o‘g‘lonlarimiz bor ekan, davlatimizning mudofaa qobiliyati yuksalaveradi.
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri
Laziza SHEROVA yozib oldi.
«O‘zbekiston ovozi», 15.1.2025, №2