Bugun xalqimiz turmush darajasi yaxshilanayotgani jamiyatda erkinlik, davlat boshqaruvida ochiqlik, islohotlardagi ortga qaytmaslik prinsipi qat’iy ekani bilan bevosita bog‘liqdir. Yurtimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi o‘zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar va imkoniyatlar shakllanayotganiga nafaqat guvoh, balki ishtirokchi ham bo‘lyapmiz. Aslida ham, har bir islohotda partiyamiz va uning deputatlik korpusi faol ishtirokchi sifatida o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘lishi kerak.
Bo‘lib o‘tgan plenumda o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan faoliyat tahlil qilinib, Davlat dasturining partiyamiz elektorati manfaatlari nuqtai nazaridan ahamiyati va shundan kelib chiqib, joriy yildagi vazifalar belgilandi. Galdagi vazifa, hech shubhasiz, belgilangan chora-tadbirlarning bekam-u ko‘st bajarilishida faol ishtirok etishdan iboratdir.
Albatta, bu borada birinchi navbatda, joylarda partiya guruhlari tomonidan Harakatlar dasturining ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarning salmog‘ini baholashda e’tiborni son jihatdan sifat jihatiga o‘zgartirishimiz lozim.
Faoliyatimiz davomida olingan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun xalqimiz farovonligi yo‘lida chiqarilayotgan hujjatlardan aholi to‘laqonli xabardor emas yoki uning mazmun-mohiyatini to‘liq anglab yetmayapti. Bunga joylarda xalq bilan o‘tkazilayotgan uchrashuv va sayyor qabullarda guvoh bo‘lmoqdamiz.
Shunday ekan, partiya tashkilotlari va deputatlarimiz zimmasida ulkan mas’uliyat turibdi. Bunda partiya mas’ullari, kengashlardagi targ‘ibotchilar guruhlari va deputatlik korpusi vakillari aholi orasiga chuqurroq kirib borishi va qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazishi lozim.
Yana bir muhim masala partiyamizning dasturiy g‘oya va tashabbuslari bilan odamlarni yaqindan tanishtirish orqali a’zolarimiz safini yanada kengaytirishdan iborat. Demak, olib borayotgan faoliyatimizni tanqidiy tahlil qilib, belgilangan reja va vazifalar ijrosini ta’minlashda, elektorat manfaatlariga qaratilgan tashabbuslar targ‘ibotida faol bo‘lish ustuvor masala sanaladi.
Baxtiyor TOSHEV,
O‘zbekiston XDP Navoiy viloyat kengashi raisi.
«O‘zbekiston ovozi», 22.1.2025, №3