Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi sayyor majlisi poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga doir dasturlar ijrosi muhokama qilindi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Avvalroq, Senat ishchi guruhi tomonidan Yakkasaroy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga doir dasturlar ijrosi holati o‘rganilib, bu borada 2024-yilda qator ishlar bajarilganligi aniqlangan edi.
Taʼkidlanganidek, tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar ortig‘i bilan bajarilgan. Xususan, 2024-yil yakuni bo‘yicha xizmatlar hajmi 23,4 trln so‘mni (118 foizni), sanoat hajmlari 7,8 trln so‘mni (109 foizni), chakana savdo aylanmasi 8,4 trln so‘mni (117 foizni), qurilish ishlari esa 5,1 trln so‘mni (128 foizni) tashkil etgan.
2024-yilning mahalliy byudjet tushumi 151,6 mlrd so‘mni tashkil etib, reja 151 foizga bajarildi.
Tumanda 2024-yilda 332,5 mln AQSH dollarlik mahsulot ishlab chiqarilgan va xizmatlar eksporti amalga oshirilgan.
Shuningdek, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 764,8 mlrd so‘mlik 13 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 500 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Mahallarda 127,8 mlrd so‘mlik 1 056 ta mikroloyiha to‘liq ishga tushirilib, ular doirasida 2 938 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan.
Yakkasaroy tumani bo‘yicha 200 dan ortiq yoshlarning ishsizligi aniqlanib, ularning 101 nafari rasmiy va doimiy ish o‘rinlariga joylashtirilgan.
Bundan tashqari, tumandan oqib o‘tuvchi Bo‘rijar kanali qirg‘oqlarini mustahkamlash va hududni obodonlashtirish uchun 75,0 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan hamda hozirgi vaqtda tegishli ishlar boshlab yuborilgan.
“Ayollar daftari”ning moduliga kiritilgan 1 322 nafar ayolning 296 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan. Tuman mahallalarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faoliyatining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan zamon talablariga javob beradigan so‘nggi rusumdagi 21ta kompyuter xarid qilib topshirilgan.
Shu bilan birga, majlisda dasturlarda nazarda tutilgan tadbirlar ijrosini taʼminlash bilan bog‘liq kamchilik va muammolar mavjudligi qayd etildi.
Xususan, dasturlarda belgilangan ayrim loyihalar bo‘yicha mablag‘lar ajratilmagani va buning oqibatida tegishli tadbirlar bajarilmagani, faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlarning muammolari o‘rganilmayotgani, investitsiya loyihalarini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani tanqid ostiga olindi.
Majlis davomida dasturlarda belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Muhokama yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi hamda Yakkasaroy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir dasturlar ijrosini taʼminlashga qaratilgan dolzarb vazifalar belgilandi.