Deputatlar va kursantlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi o‘qituvchi va kursantlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tash tizimini shakllantirish va uning nufuzini oshirish, mamlakatimizda harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilgan islohotlar haqida fikrlar bildirildi.

Ta’kidlanganidek, mudofaa yo‘nalishida professional harbiy kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta’lim jarayonlariga eng yangi usul va texnologiyalarni joriy etish, kursantlarning zamonaviy axborot texnologiyalarini chuqur egallashi uchun ko‘nikmalarini oshirish, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tayyorlash, shuningdek oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni saralash, tanlab olish tizimini yanada takomillashtirish va tizimga ilg‘or xorijiy tajribani joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Uchrashuvda ishtirokchilarga mamlakatimizda demokratik tarzda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va siyosiy partiyalarning fraksiyalari faoliyati, qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish tartibi, parlament nazorati shakllari va amalga oshirish mexanizmlari hamda deputatlarning saylovchilar bilan ishlash faoliyati haqida ham tushunchalar berildi.

Tashrif davomida Qurolli Kuchlar Akademiyasi o‘qituvchi va kursantlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muzeyi, katta majlislar zali hamda kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish