UzA: O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashining II plenumi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashining II plenumi bo‘lib o‘tdi.

Partiya Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi plenumi a’zolari va mas’ul xodimlari, shahar va tuman partiya kengashlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan plenum kun tartibida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2024 yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti to‘g‘risida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining 2024 yilda amalga oshirgan faoliyati yuzasidan axboroti tinglandi. Shuningdek, 2025 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.

Mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash, a’zolar va elektorat bilan ishlash, partiya tashkilotlarida ish sifat va samaradorligini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash masalalariga qaratilgan 100 ga yaqin qaror qabul qilindi. Fuqarolarning turmush farovonligi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan 70 dan ortiq muhim masalani qamrab olgan amaliy Harakat dasturining ijrosi yuzasidan partiya fraksiyasi va partiya guruhlarining tashabbuslari bilan 123 ta masala partiya guruhlari va doimiy komissiya yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilib, shundan, 103 tasi sessiya kun tartibiga olib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi.

Joylardagi muammolarni o‘rganish, ularni hal etish, fuqarolarga huquqiy maslahat berish borasida muayyan ishlar olib borildi. Jumladan, partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shahar va tuman kengashlari qoshidagi “Jamoatchilik qabulxonalari”ga fuqarolar tomonidan jami 886 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 873 tasi partiya mas’ul xodimlari hamda deputatlar ishtirokida ijobiy hal qilishga erishildi.

Hisobot davrida partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarining mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish va tushuntirish, partiyaning jamiyatdagi ijobiy imijini yaratish maqsadida “Deputat mahallada”, “Sog‘lom ona – sog‘lom oila”, “Mahallada ijtimoiy xizmat”, “Safimizdagi yoshlar”, “Ijtimoiy himoyadan – ijtimoiy faollik sari”, “Teng huquq va teng imkoniyatlar”, “Ayollarga ko‘mak” “Mahallada kambag‘al oilalar sonini kamaytirish” kabi loyihalar doirasida 1 ming 500 dan ortiq targ‘ibot, tashviqot tadbiri tashkil etildi. Ushbu amaliy tadbirlar natijasida 18 ming nafardan ziyod fuqaro partiya a’zoligiga qabul qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda barcha darajadagi partiya tashkilotlari, deputatlar, faollar partiya dasturiy maqsadlari va Saylovoldi dasturidan kelib chiqib, alohida yo‘nalishlar va masalalarga chuqur yondashish zarurligi ta’kidlandi. Hozirgi kunda ijtimoiy himoya, aholining real daromadlarini ko‘paytirish, boshqa ijtimoiy muammolarni samarali hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada partiyaning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan boshlang‘ich tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash, qonun va boshqa normativ hujjatlarga takliflarni quyidan, aynan boshlang‘ich tashkilotlardan olish tizimi, ya’ni “boshlang‘ich partiya tashkiloti – deputatlik guruhi – sessiya” tizimi orqali yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Plenum kun tartibidagi masalalar yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Plenum
← Roʻyxatga qaytish