XDP deputatlari hududlarda har bir ijtimoiy masalaga kompleks tarzda yondashmoqda

 

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylov okruglarida saylovchilar bilan uchrashib, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligining joriy holati hamda aholini qiynayotgan ijtimoiy masalalarni o‘rganmoqda.

O‘zbekiston XDPdan saylangan deputatlar, xususan, partiya fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov Namangan viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi. Muloqotda partiyaning saylovoldi dasturida ko‘rsatilgan bir qator maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirib borish bo‘yicha amaliy tadbirlarning joriy holati, joylarda nogironlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini yaxshilash masalalarini qay yo‘sinda bajarilayotganiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning sifat darajasi muhokama qilindi.

Shu bilan birga, uchrashuv davomida hududlarda partiya faoliyatini yanada rivojlantirish, fuqarolar bilan ishlash mexanizmlarini rivojlantirish masalalariga urg‘u berildi. Partiyaning maqsad vazifalarini targ‘iboti borasida yangicha yondashuvlarni joriy qilish, uning safiga a’zolarni jalb etish kabi masalalarda fikr yuritildi.

Fraksiya rahbariga ko‘ra, bunday mazmundagi amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan muhokamalarni doimiy, masalan bir oyda bir marta, o‘tkazib borish kerak. Amalga oshirilayotgan ishlarning doimiy monitoringini yuritish va olis hududlarda aholini qiynayotgan ijtimoiy muammolarni muntazam ravishda o‘rganish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish ustuvor vazifa sanaladi. Bu partiyaning davlat va jamiyat hayotida o‘rni va rolini hamda aholining ishonchini ortishida muhim ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish