O‘tgan yilning sarhisobi, yangi yilga reja va maqsadlar belgilash. O‘zbekiston XDP Xorazm viloyat kengashining navbatdagi plenumida ham Ijroiya qo‘mitasining 2024-yildagi faoliyati yuzasidan viloyat kengashi raisi Raimbergan Yusupovning hisoboti tinglandi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhining amalga oshirgan ishlari ko‘rib chiqildi. Xususan, shahar va tuman Kengashlari raislari, deputatlarning sohalar kesimidagi faoliyati tanqidiy-tahlil qilindi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston XDP Xorazm viloyat, shahar va tuman Kengashlari qoshida 13 ta Jamoatchilik qabulxonasi tashkil qilingan. Ularga saylovchilardan turli mazmundagi murojaatlar qabul qilinadi. 2024-yilda fuqarolardan bo‘lgan murojaatlarning umumiy soni 519 tani tashkil etib, ularning 78 foizi qonun doirasida hal etildi. Qolgan 22 foizi esa hozirgi kunda o‘rganish jarayonida bo‘lib, nazoratga olingan.
Shuningdek, plenumda 2025-yildagi reja va maqsadlarni amalga oshirish uchun partiya tashkilotlari, deputatlar faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Aholining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ijtimoiy masalalarga oid yangi tashabbuslarni ilgari surish borasida fikr bildirildi.
Xususan, partiya a’zolari, faollar viloyatning har bir hududidagi ijtimoiy ahvolni yaxshilashga qaratilgan aniq amaliy chora-tadbirlarni belgilab olishi muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi. Buning uchun partiya a’zolari aholi bilan yaqin aloqalarini rivojlantirishi, keng jamoatchilikni partiya dasturlari bilan tanishtirishga alohida e’tibor qaratishi zarurligiga urg‘u berildi.
Plenum yakunida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi vazifalar bilan bog‘liq qarorlar qabul qilindi.