Vaziyat hamma joyda bir xil emas

 

Ayni paytda Buxoroda bo‘lib turgan quyi palata deputati, partiya fraksiyasi a’zosi Zulayho Akromova o‘rganishlarni viloyat markazida joylashgan 27-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatidan boshladi.

Ma’lum bo‘lishicha, muassasada 375 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ular 9-sinfni bitirgach, Samarqand shahrida joylashgan maktab-internatida o‘qishni davom ettirishi belgilangan. Biroq ko‘plab oilalarning sharoiti to‘g‘ri kelmagani sababli farzandlarini u yerga yubora olmaydi. Misol uchun, 2023-2024 o‘quv yilida 35 nafar bola internatni tamomlagan bo‘lsa, ularning atigi 3 nafari ta’limni davom ettirmoqda.

Shuningdek, maktab-internatda psixolog o‘qituvchi yetishmasligi va bolalarning tishlarini davolovchi vrachga ehtiyoj borligi aytib o‘tildi. Ushbu masalalar joyida hal etildi.

Viloyatdagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 123-maktab-internati deputatning navbatdagi manzili bo‘ldi. Aniqlanishicha, 2020-2021-o‘quv yili davomida “Zamin” xayriya fondi va Xalq ta’lim vazirligi tomonidan muassasada tahsil oluvchi 194 nafar o‘quvchiga ikkitadan, jami 394 dona zamonaviy raqamli individual eshitish apparatlari topshirilgan. Yana qator ilg‘or eshitish moslamalaridan tashqari maktab yangi zamonaviy audiometr apparati bilan jihozlangan. Umuman olganda, mazkur muassasada sharoit va ta’lim standartlari belgilangan talablarga mos.

Biroq vaziyat hamma joyda ham bir xil emas. Masalan, 24-son “Nurli maskan” maktab-internatida o‘quvchilar foydalanishi uchun sport maydoni mavjud emas. Hukumat qarori bilan maktab-internatda 2023 yil 1 sentabrdan boshlab o‘quv ishlab chiqarish korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kerak bo‘lgan. Ammo negadir bu ish ham yakuniga yetkazilmagan.

Muassasa jamoasi bilan suhbatlar davomida maskanda tahsil olayotgan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchilarning qiziqishini hisob olgan holda, ovoz yozish studiyalarini tashkil etish masalasi ko‘tarildi. Bundan tashqari, korreksion mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur bo‘ladigan jihozlar bilan ta’minlashda maktab-internati yillik smetasiga jihozlar uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha ham murojaat qilindi.

Deputat har bir masalani o‘rganib, ularning yechimi yuzasidan o‘z fikr-mulohzalari va takliflarini qayd etib boryapti. Hududdagi o‘rganishlar yakunida umumiy xulosalarga tayanib, masalalarning yechimi ustidan nazorat o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish