Yoshlar markazida yangi BPT tashkil etildi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida Nukus shahridagi Yoshlar markazida “Deputat va yoshlar” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi. Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi, Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, Nukus shahar Kengashidagi partiya guruhi hamda partiyaning “Yoshlar qanoti” a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, deputatlar va yoshlar muloqotini tashkil etish, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng qamrab olishdan iborat. Shuningdek, yigit-qizlarning tashabbus va takliflarini olish, siyosiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, partiya safiga jalb etish hamda partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini tushuntirish masalalari qamrab olingan.

Tadbirni partiya bo‘lim boshlig‘i Nurlan Kishanov kirish ochdi. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning o‘z tashabbusini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida gapirdi. Shu bilan birga, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilishda partiya tashkilotlari va deputatlar tomonidan yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Aytish kerakki, 2024 yilning o‘zida partiya safiga 6153 nafar yoshlar qabul qilindi. Natijada bugungi kunda partiya a’zolarining umumiy soni 60 637 nafarga yetdi.

Uchrashuvda Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, xalq deputatlari Nukus shahar Kengashidagi partiya guruhi a’zosi Murat Kamalov mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida keng tushunchalar berdi.

Yutuqlarga erishayotgan yoshlar ham tengdoshlariga o‘z faoliyati haqida ma’lumotlar berdi hamda imkoniyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bundan tashqari, partiyaning saylovoldi dasturida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Shundan so‘ng uchrashuvda yana bir muhim masalaga e’tibor qaratildi. Xususan, boshlang‘ich partiya tashkilotlari deputatlik birlashmalarining asosiy tayanch bo‘g‘ini sifatida sessiya qarorlarini, qonunchilikdagi yangiliklarni eng avvalo boshlang‘ich partiya tashkilotida muhokama qilish muhim ekani ta’kidlandi. Takliflar olish tajribasiga aylantirish maqsadida partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan masalalar “boshlang‘ich partiya tashkiloti-deputatlik guruhi-sessiya” tizimida muhokama qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Ijroiya qo‘mitasining qabul qilingan qarorining mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berildi.

Kun tartibidagi masalalar muhokamasidan so‘ng O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzildi va uning raisi etib Yoshlar ittifoqi hududiy kengashi bo‘lim boshlig‘i Miyirbek Xalmuratov saylandi.

Partiya safiga yangi qabul qilingan yoshlarga a’zolik guvohnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish