Jahon iqtisodiyoti globallashib borayotgan hozirgi davrda davlatlar o‘rtasida erkin savdo munosabatlarini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi mamlakat iqtisodiyoti uchun bir qator afzalliklarni taqdim etadi.
Avvalo, eksport va import imkoniyatlari kengayadi. JSTga a’zo bo‘lish orqali O‘zbekiston xalqaro bozorga kengroq ochiladi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tashqi bozorlarga kirishni osonlashtiradi, eksport tovarlariga nisbatan tarif va notarif to‘siqlarni kamaytiradi. Shuningdek, bojxonalardagi muammolarni bartaraf etib, raqobatbardosh xom ashyo va texnologiyalarni olib kirishni yengillashtiradi.
Ikkinchidan, yangi investitsiyalarni jalb qilish. JSTga a’zo davlatlarning odatda investitsiya muhiti yaxshilanadi. Chunki, tashqi investorlar uchun aniq qoidalar va kafolatlar yaratiladi. O‘zbekiston ham o‘z navbatida tashkilot talablariga muvofiq mahsulotlarini xalqaro bozor talablariga moslashtiradi, ishlab chiqarish sifatini oshiradi. Natijada biznes muhiti xalqaro standartlarga muvofiqlashadi va bu o‘z navbatida yangi sarmoyalarni jalb qiladi.
Yana bir muhim jihati, savdo nizolarini hal qilishning samarali tizimi yaratiladi. JSTga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo nizolarini hal qilish uchun xalqaro mexanizmlar mavjud. O‘zbekiston nizolarni xalqaro maydonda adolatli va shaffof tarzda hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tashqi savdo bilan bog‘liq xatarlardan himoyalanadi.
Bundan tashqari, ichki bozorda raqobatni oshirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish bilan bog‘liqdir. JSTga a’zo bo‘lish raqobatni kuchaytiradi. Bu esa mahalliy korxonalarni sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga majbur qiladi. Tadbirkorlik muhiti yaxshilanib, bozor iqtisodiyoti rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish sohalarida yangi texnologiyalarni jalb qilishga va innovatsiyalarni rivojlantirishga yordam beradi.
Shuningdek, JSTga qo‘shilish mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga turtki beradi. Eksport va investitsiyalar orqali yalpi ichki mahsulot (YAIM) sezilarli darajada oshadi. Yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholi daromadlari va turmush darajasi yanada yaxshilanadi. Tadbirkorlik faoliyati kengayib, yangi biznes loyihalar uchun imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lishi milliy iqtisodiyot uchun muhim strategik qadam hisoblanadi. Bu mamlakatning xalqaro iqtisodiy integratsiyasini kuchaytiradi, eksport salohiyatini oshiradi, yangi investitsiyalarni jalb qiladi va ichki bozorda raqobat muhitini yaxshilaydi. Shuningdek, iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Shu sababli O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur islohotlarni davom ettirmoqda.
Shokirjon AHMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.