Viloyatdagi maktablarda vaziyat qanday?
Viloyatdagi maktablarda vaziyat qanday?

 

Buxoro viloyatida 577 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritmoqda. Shundan 547 tasi davlat, 30 tasi nodavlat umumta’lim maktablari hisoblanadi. Ushbu maktablarda 332 842 nafar (169 749 nafari yoki 51 foizi qizlar) o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ularga 29 934 nafar (23 094 nafari yoki 77 foizi ayollar) o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

Viloyatda 2 118 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Shundan 488 tasi davlat, 1630 tasi nodavlat (21 ta xususiy, 108 ta DXSh, 1501 ta oilaviy) maktabgacha ta’lim muassasasi hisoblanadi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 131 620 nafar bolalarga 11 842 nafar tarbiyachi-pedagoglar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

So‘nggi uch yilda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning ta’limga qamrab olinishi 73 foizdan 86 foizga yetkazildi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari soni 15 taga, iqtidorli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar 13 taga ko‘paydi.

2024-yilning o‘zida hududiy investitsiya dasturi doirasida Buxoro viloyatidagi 38 ta umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirilgan.

10 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, shundan 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasi yangi barpo etilgan, 9 tasi rekonstruksiya qilingan. Ushbu maqsadlar uchun 44,7 mlrd.so‘m mablag‘, bundan tashqari, 1 ta ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi qurilib, buning uchun 55 mlrd.so‘m ajratilgan.

Shu bilan birga, ta’limni rivojlantirish borasida Buxoro viloyatida ayrim muammolar mavjudligi ham aniqlandi. Jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolani ta’limga tayyorlash va uni psixo-emotsional rivojlanishi uchun didaktik o‘yinlar bilan shug‘ullanishi uchun interaktiv doskalar mavjud emas. Buning o‘rniga xonalarda televizor o‘rnatilgan bo‘lib, ko‘p holatlarda bolalar multfilm tomoshasi bilan vaqt o‘tkazadi. O‘yin maydonchalari maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartiga mos emas.

Umumta’lim maktablarida fizika, kimyo, biologiya va texnologiya fanlarida laboratoriya xonalari va jihozlari yetishmaydi, hatto ayrimlarida laboratoriya xonalari mavjud emas. Musiqa fanida esa cholg‘u asboblari va ulardan foydalana oladigan pedagoglar yetarli emas.

Misol uchun, Kogon tumani misolida oladigan bo‘lsak, mavjud 25 ta maktabning fizika laboratoriya xonalari jihozlanganlik darajasi 41 foizni, kimyo laboratoriya xonalarining jihozlanganlik holati o‘rtacha 36,8 foizni, biologiya laboratoriya xonalari jihozlanganlik darajasi 28,4 foizni tashkil qiladi. Hududdagi 22- va 24-umumta’lim maktablarida fizika laboratoriya xonasi, 2-, 23- va 24-maktablarda kimyo laboratoriya xonasi, 2-, 6-, 8-, 12-, 14-, 15-, 19-, 20-, 24-maktablar hamda 1- va 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarida biologiya xonasi mavjud emas.

Investitsiya dasturi orqali umumta’lim maktablarida amalga oshirilgan qurilish va ta’mirlash ishlarida shaharsozlik me’yorlari va qurilish standart talablariga e’tibor qaratilmagan. Bu, o‘z navbatida, binoning o‘zida mo‘ljallangan standartlarga va qurilish materiallariga rioya qilinmasligiga olib kelgan.

Bundan tashqari, maktablardagi kommunikatsiya vositalari, isitish, sovutish, yoritish tizimlarining ishlashdagi muammolar ko‘p hollarda sog‘lom o‘quv muhiti yaratishga to‘sqinlik qiladi. Ular uchun aniq shartlar mavjud bo‘lsa-da, ba’zan ushbu tizimlar yetarli darajada mukammal emas.

Ishchi guruhi nazorat-tahlil ishlarini Olot tumanida ham o‘tkazdi. Tumandagi 8, 5, 24-umumta’lim maktablarining faoliyati bilan tanishdik. 8-umumta’lim maktabida 230 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, 1 nafar bola uyda o‘qitiladi. Ta’lim muassasasida o‘quvchilar uchun majlislari zali, texnologiya o‘quv xonasi (tikuv mashina, duradgorlar uchun dastgohlar) yo‘qligi, elektron doska, xonalar yetishmasligi, (tibbiyot xonasi) o‘quvchilar uchun oshxona ham yo‘q ekan.

“Nurobod” mahallasidagi 5-umumta’lim maktabini ko‘zdan kechirganimizda bino juda eski, moddiy-texnika bazasi ham yaroqsiz holga kelib qolgani ma’lum bo‘ldi. Sport zal ham ta’mirtalab. Maktab o‘quvchilarining hamda o‘sha hududda yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishi va mahalladagi yoshlarning vaqtlarini kitobxonlik hamda sport bilan o‘tkazishlari uchun maktab binosini kapital ta’mirlash kerakligi bo‘yicha takliflar berildi.

Har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish vazifasi oldimizda turgan ekan, maktablarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, o‘quvchilar uchun barcha sharoitlarni yaratish masalasini eng oldingi o‘rinlarga qo‘yishimiz kerak. Busiz maqsadga erishib bo‘lmaydi.

 

Muhsiddin Nizomiddinov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi xodimi, deputat.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz
← Roʻyxatga qaytish