Qoraqalpogʼistonlik Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi raisining oʼrinbosari, Oʼzbekiston XDP fraktsiyasi aʼzosi qonun tashabbusi bilan chiqmoqda
Bugun Oʼzbekiston XDP Markaziy Kengashida boʼlib oʼtgan muloqotda yangi tashabbus koʼrib chiqildi. Tadbirda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat kengashlari masʼullari ishtirok etdi.
Qayd etildiki, oilada bola paydo boʼlishi ota-onalar uchun masʼuliyat darajasining oshishi demakdir. Chunki bolani tarbiyalash va voyaga yetkazish uchun qoʼshimcha moliyaviy xarajatlarga ehtiyoj seziladi. Shuning uchun, yangi tugʼilgan bolani tarbiyalashda ota-onalarni qoʼllab-quvvatlash choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. Xususan, qoʼshimcha imkoniyatlar yaratish va ularni bolalarga uzoq muddatli sarmoya kiritishga yanada faol jalb qilishni ragʼbatlantiruvchi chora-tadbirlarni izlash kerak.
Bunday qoʼllab-quvvatlash variantlaridan biri sifatida esa barcha yangi tugʼilgan bolalar uchun “bolalar depozitlari”ni ochish loyihasini joriy qilish taklif etilmoqda.
Loyiha tashabbuskoriga koʼra, “bolalar depoziti”ni joriy etish bolalar voyaga yetganlarida oʼzini namoyon qilish va rivojlantirish uchun erkin moliyaviy resurslarga ega boʼlishini taʼminlashga xizmat qiladi. Yangi tugʼilgan bolaga hisob raqamning ochilishi u voyaga yetgan vaqtda mustaqil ish boshlashi, ilmiy izlanishlar olib borishi, umuman, maqsadlarini amalga oshirishini kafolatlovchi omil vazifasini bajaradi.
Shuningdek, tadbirda loyihaning mazmun mohiyati, uni tatbiq etishdan va va kutilayotgan natijalar haqida atroflicha tahliliy maʼlumotlar berildi. Ishtirokchilar partiya dasturiy gʼoyalari nuqtai nazaridan kelib chiqib oʼz fikr-mulohazalarini aytib oʼtdi. Bir qator savollarga javob qaytarildi. Bildirilgan takliflar esa yozib olinib, loyihani takomillashtirishda foydalaniladigan boʼldi.