![Parlament va hukumat o‘rtasidagi munosabat](/files/original/publication/10975.jpg)
Ma’lumki, deputatga berilgan vakolatlar orasida deputatlik so‘rovi alohida ahamiyatga ega. Negaki, unda ko‘tarilayotgan har bir masala ortida, eng avvalo, inson taqdiri, ko‘pchilikning manfaatlari turadi.
Xo‘sh, saylovchi deputatga qachon murojaat qiladi? Qachonki, fuqaroni qaysidir masala o‘ylantirsa, qachonki biror hududda aholi qaysidir muammo yechimini hal etishda qiyinchilikka uchrayotgan bo‘lsa, qaysidir tashkilot odamlarning arz-dodiga quloq tutmayotganida saylovchilar o‘zlari saylagan deputat eshigini taqillatadi yoki unga sim qoqadi. Ba’zi masalalar yo‘l-yo‘lakay hal etilsa, ayrimlari yuqori tashkilotlar aralashuvi va davlat dasturlari bilan bog‘lanadi. Bunda albatta deputatning vakolati, maqomi ish beradi, ko‘magi zarur bo‘ladi. Har bir murojaatchi deputatga umid bilan yuzlanadi, ayrimlarining esa so‘nggi chorasi ham shu bo‘ladi.
Demak, deputatlik vakolati doirasida har bir masalaga jiddiy qarashimiz kerak. Albatta, bu ishlarning boshida odamlarga samimiy hurmat, xalqqa xizmat qilishdek katta saodat turibdi.
Faoliyatimiz haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan yili fraksiyamiz taklifiga ko‘ra, saylovchilarni o‘ylantirib kelayotgan muammolarni hal etish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga jami 2 ta «parlament so‘rovi» yuborildi.
Deputatlarimiz tomonidan saylovchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, aholi murojaatlari hamda joylardagi uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalar, saylov okruglaridagi o‘rganishlarda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan mansabdor shaxslarga jami 49 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Hammasida munosabat har xil, ijobiy natijalar ham bo‘ldi.
Faoliyatim misolida aytadigan bo‘lsam, Sog‘liqni saqlash vaziriga muhim bir masalada deputatlik so‘rovi jo‘natganman. Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning tuman markazida qo‘shimcha 2-binosi mavjud edi. U bolalar poliklinikasi sifatida 20723 nafar bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bino 1978 yilda qurilgan hamda ko‘p yillar e’tibordan chetda qolganligi sababli binoning holati ancha nosoz holatga kelib qolgandi.
Ushbu binoning podval qismi, mufel pechlari, eshik va romlari eskirgani, shuningdek, bino ichidan chiqindilarni olib chiqib ketish hamda qishda ko‘mir yoqilg‘isi olib kirish uchun yo‘l mavjud emasligi saylovchilarning e’tiroziga sabab bo‘layotgandi.
Shuningdek, poliklinikaning moddiy-texnik bazasi o‘rganilganda yangi mebellar, tibbiy jihozlarga ehtiyojlar borligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu ehtiyojlarni hisobga olib mutasaddi vazirlikka deputatlik so‘rovi jo‘natdim.
Qonunda ko‘rsatilgan tartibda vazirlikdan javob olganmiz va yaqin kunlarda masala hal bo‘lish arafasida. Bu nazoratimizda turibdi.
Xalqning, mamlakatning ravnaqi rahbarlarning qonun-qoidalarga munosabati, dunyoqarashi darajasi bilan chambarchas bog‘liq.
Parlament va hukumat o‘rtasidagi munosabatning shu tartibda mustahkamlanishidan odamlarimizga foyda. Chunki har bir deputat so‘rovi ortida xalq manfaati yotadi.
Saylovchilarimiz bilan uchrashuvlarda yuzaga chiqqan muammolardan kelib chiqib, yana 3 ta deputatlik so‘rovi yuborish rejamda turibdi. Hozir shunga aloqador masalalarni o‘rganyapman, muammolarni joyiga chiqib ko‘ryapman. Yaqin kunlarda tegishli mutasaddi vazirliklarga deputatlik so‘rovi bilan yana murojaat qilaman.
Anvarxon Temirov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 5.2.2025, №5