Bola huquqlarini ta’minlash davlat siyosatining muhim strategik yo‘nalishi sanaladi. Yurtimizda ham bu borada muayyan chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bog‘liq 40 dan ortiq hujjatlar qabul qilingan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi me’yorlar kiritildi. Natijada bolaning jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlatning ijtimoiy majburiyatlari kengaytirildi.
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilining 2024-yildagi faoliyati yuzasidan ma’ruzasi O‘zbekiston XDP fraksiya yig‘ilishida atroflicha ko‘rib chiqildi, deputatlar o‘z savollari, taklif va munosabatini bildirdi.
Jumladan, fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov Bolalar Ombudsmani o‘zining keyingi faoliyatda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga doir mexanizmlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratishi lozimligini ta’kidladi. Bunda bolalar huquqlari va erkinliklarini aks ettiruvchi materiallarni veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va bloglar orqali targ‘ib etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini belgilab olish kerakligiga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, fraksiya rahbariga ko‘ra, ma’ruzada keltirilgan takliflarning ayrimlarida ijtimoiy ahamiyati jihatidan muhimroq bo‘lgan mavzularga urg‘u berish, xususan, ma’ruzada tavsiya etilayotgan bolalar raqamli savodxonligini oshirish borasida tashabbuslar amalda mavjud jarayon bo‘lib, bolalarning inklyuziv ta’lim olish borasida buzilgan huquqlarini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi .
Deputat Irina Tokareva esa hududlarda bolalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun buzilish holatlarini bartaraf etishda mintaqaviy vakillarning o‘rni katta ekanini bildirdi. Deputat ularning jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatayotganini bolalar huquqlari himoyasi samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini tanqid qildi.
Fraksiya a’zolarining fikr-mulohazalari, takliflari asosida ma’ruza tasdiqlandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, yer osti suv resurslarini muhofaza qilish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasiga oid qonun loyihasi muhokama qilindi. Tashabbuskorlar birinchi va ikkinchi o‘qish orasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot bergach, loyihaga moddama-modda munosabat bildirildi.
Deputat Zuhra Shodiyeva so‘nggi yillarda energiya resurslari kabi, suv osti resurslari taqchilligi yuzaga kelayotgani, shu bois, qonunning konseptual qismida yer osti suvlaridan yerlarni sug‘orish va boshqa maqsadlarda foydalanish keskin oshganini ta’kidladi. Bundan tashqari, quduqlarni ruxsatsiz burg‘ulash va nazoratsiz, hisobga olmasdan suvdan foydalanish holatlari davom etayotganiga urg‘u berdi. Shuning uchun yer osti suv resurslarini muhofaza qilish choralarini kuchaytirishga doir me’yorlarni aniqlashtirish, takomillashtirish taklifini ilgari surdi.
Tashabbuskorlar bildirilgan taklifni qabul qildi. Moddalardagi aniqlashtiruvchi qismlarga oydinlik kiritiladigan bo‘ldi. Shu asosda loyiha ma’qullandi.