O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining hududiy tashkilotlari, deputatlik birlashmalari ham umummilliy harakatga aylangan «Yashil makon» dasturida faol ishtirok etib kelmoqda.
Xususan, xalq deputatlari Kogon tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zosi Gulmira Karimova va bir guruh nuroniylar Tutkunda qishlog‘ini yanada obodonlashtirishga qaratilgan tadbirga boshchilik qildi. Faollar turli ko‘chatlar ekib, yurtga tinchlik va osoyishtalik so‘radi. Hudud yoshlari jalb qilingan bunday xayrli ish nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki yosh avlodni tabiatni asrashga va mehnatsevarlikka o‘rgatishda ham katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Xuddi shunday tadbir Samarqandda ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston XDP Samarqand viloyat kengashi hamda Toyloq tumani kengashi hamkorligida hudud obodligiga hissa qo‘shildi. Ya’ni, Toyloq tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabida «Yashil makon» loyihasi doirasida manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Aytish kerakki, bu kabi tadbirlarda milliy qadriyatlarimizni qadrlash, hamjihatlik va mehr-oqibatga chaqirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi tashabbuslar barcha tuman shaharlarda davom etmoqda.