
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi, Mexnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda XDP fraksiyasi hamkorligida “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirishning yangi mexanizmlari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Spiker o‘rinbosari Mavludaxon Xo‘jayeva tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berib, so‘nggi yillarda mamlakatda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini, bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari bilan qamrab olish, ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishning ijtimoiy adolat mezoniga asoslangan shaffof va raqamlashtirilgan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratish hamda ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi sabablarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish, aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan “Inson” markazlari fuqarolarni o‘ylantirib kelayotgan masalalarni shu yerning o‘zida bartaraf etish imkonini bermoqda.
“Inson” markazlari tomonidan og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarga bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida 102 turdagi professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan joriy yil 30-yanvar kuni imzolangan “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmon ushbu sohadagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Mazkur hujjat bilan 2025-yil 1-apreldan boshlab “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ijtimoiy yordamlar esa — oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarga ham taqdim etilishi belgilandi.
Shuningdek, kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali qo‘llab-quvvatlashning yangi instrumentlari joriy etiladi. Unga ko‘ra, ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishincha “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravarigacha grantlar ajratiladi.
Seminarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ullari tomonidan hududlarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va unda “Inson” markazlarining o‘rni, faoliyati va ularda ijtimoiy qatlamga ko‘rsatiladigan 102 turdagi xizmatlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni aholining yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgani qayd etilib, u bilan 1-apreldan boshlab “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, mehnat qurollari, urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun to‘lanadigan ssuda va subsidiyalar ajratilishini qayd etildi.
Deputatlar aholini ijtimoiy himoyasini tashkil etilishiga barcha qonunchilik, normativ-huquqiy hujjatlar, eng asosiysi sohaning egasi aniq belgilab berilgani va tizim yaratilgani, ushbu tizim muntazam takomillashtirib borilayotganini ta’kidlashdi.
Ushbu farmon inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilganiga urg‘u berib, u bilan 1 maydan boshlab “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtirilishi ming-minglab odamlarning ayni dilidagi gap bo‘lganini alohida e’tirof etdi.
Qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan seminarda deputatlarning hududlarga chiqishi jarayonida “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari bo‘yicha joylarda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan masalalar, agentlik tomonidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va unda “Inson” markazlarining o‘rni hamda ijtimoiy himoya sohasida kelgusida rejalashtirilgan vazifalar xususida ham fikr almashildi.
Deputatlar ijtimoiy xizmat va yordamni mahalla darajasida manzilli, shaffof va adolatli tashkil etish, ijtimoiy himoyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha o‘zaro kelishib oldilar.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.