Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Irina Tokareva Chilonzor tumanidagi “Gavhar” mahallasida bo‘lib, “mahalla yettiligi” faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuvda mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, “mahalla yettiligi” instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgani bugun yuqori samara berayotgani qayd etildi.
Yuzma-yuz muloqotlarda mahalladagi mavjud muammolar, jumladan, aholining ijtimoiy himoyasi, kommunal xizmatlar, yo‘l va infratuzilma masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, mahalladagi rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilinib, aholi uchun qulayliklarni yanada oshirish va turli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Deputatning keyingi manzili — Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali bo‘ldi. Deputat u yerda bemorlar bilan muloqot qilib, ularning holidan xabar oldi.
Uchrashuv chog‘ida bemorlar tibbiy xizmat sifati va shifokorlarning e’tiboridan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Shu bilan birga, ular ayrim dori vositalariga ehtiyoj borligini ta’kidlashdi. Ushbu masala deputat ko‘magi bilan joyida o‘z yechimini topdi.
Deputatning o‘rganishlari davom etmoqda.