Ilm – insonni kamolot sari yetaklovchi qudratli kuch, ma’rifat esa qalbni nurafshon etuvchi yorug‘likdir. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan "Ilm – nurli kelajak" badiiy kechasi ana shu haqiqatni yana bir bor isbotladi.
Tadbir partiyaning bilimga chanqoq faol qizlarini bir joyga jamladi. Ma’rifat va adabiyotga oshno bo‘lish, fikr almashish, ko‘ngillarni bog‘lash – bu uchrashuvning asosiy maqsadi bo‘ldi.
Tadbirda Toshkent viloyat hamda Toshkent shahar kengashlari raislari, Markaziy Kengash bo‘lim boshlig‘i, "Yoshlar qanoti" faollari hamda xalqimiz sevgan ijodkorlar ishtirok etdi.
Kechada yoshlar bilan Prezidentimizning 14-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvidagi nutqi, 2025-yil Davlat dasturi hamda Zulfiyaxonim ijodiga oid muhim mavzular atrofida suhbatlashildi. Zulfiyaxonimning beqiyos ijodi, adabiyotimizdagi o‘rni, ayollarga bergan ruhiy va ma’naviy ilhomi haqida ta’sirli mulohazalar bildirildi.
***
Navoiy viloyatining Konimex tumanida ana shunday tadbir tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib o‘tgan adabiy uchrashuvda Zulfiyaxonim ijodidagi ustuvorliklar haqida so‘z bordi. Qizlar tarbiyasining ahamiyati va unda mutolaaning o‘ziga xos o‘rni yuzasidan fikr bildirildi.
Davra suhbatida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi D.Berdaliyyeva, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori G.Quvatova, Tuman Axborot-kutubxona markazi xodimi G.Tuxtayeva, partiya faollari, yoshlar ishtirok etdi.
Bu kabi tadbirlar partiyaning turli darajadagi hududiy tashkilotlarida o‘tkazilmoqda.