O‘zbekiston va Pokiston munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda
O‘zbekiston va Pokiston munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda

 

O‘zbekiston va Pokistonning turli jabhalardagi aloqa rishtalari uzoq tarixga borib taqaladi. Ushbu davlat O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, 1991-yilning 20-dekabrida tan olgan. O‘zaro diplomatik munosabatlar 1992-yil 10-maydan boshlab o‘rnatilgan.

O‘zbekiston iqtisodiy, siyosiy salohiyati yil sayin o‘sib borayotgan Pokiston bilan o‘zaro sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda.

Ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari ijobiy va barqaror rivojlanish dinamikasi bilan ajralib turibdi va bu ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Rasmiy Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. 2023-yildagi 387 million AQSH dollarlik savdo aylanmasi 2024-yilga kelib 404,4 million AQSH dollariga yetdi. Shu bilan birga, Pokiston 2024-yilning O‘zbekiston eksport bozoridagi eng muhim sheriklardan biriga aylanib, savdo hajmi 300 million dollarga yetdi.

Ikki davlat rahbarlari tomonidan bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani sheriklikning ahamiyatini yanada oshiradi. Savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun onlayn platformalar yaratish rejalashtirilgan. Shu tariqa eksportchi va importchilar muloqoti yengillashib, yangi savdo yo‘nalishlari ochiladi.

Shuningdek, 130 ta qo‘shma korxona tashkil etilib, Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor o‘rtasida aviaqatnovlar tiklandi. 2024-yil yanvar-sentyabr oylarida Pokistondan jami 18,1 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirildi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida parlamentlararo va idoralararo aloqalarning jadal rivojlanib borayotgani tomonlarning o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanligidan dalolat beradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning mamlakatimizga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ladi.

Binobarin, muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston — Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

Tranzit savdosi bo‘yicha bitim va Imtiyozli savdo bitimi samarali amalga oshirilishini ta’minlash, ikki mamlakat maxsus iqtisodiy zonalariga sarmoya kiritishni rag‘batlantirish, ishbilarmon doiralar hamkorligini rivojlantirish masalalari shubhasiz, kelgusida eksport, import hajmini oshirishga yangi imkoniyatlar beradi.

Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Davlatimiz rahbarining hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini o‘tkazish taklifi g‘oyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ikki tomonlama munosabatlarda yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Umuman olganda, ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish