O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat hamda Denov tuman kengashi tomonidan Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida oliy ta’lim talabalari o‘rtasida “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri tashkil etildi.
Unda Denov tadbirkorlik va pedagogika institutidan tarix yo‘nalishining “Tarixchilar” jamoasi, oziq-ovqat texnologiyasi yo‘nalishining “Bilimdonlar”, fizika yo‘nalishining “Qalqon”, kimyo yo‘nalishining “Logika”, qurilish muhandisligi yo‘nalishining “Yosh siyosatchilar”, matematika yo‘nalishining “Turon” jamoalari qatnashdi.
Turnirda asosiy e’tibor yoshlar siyosat asoslarini amaliy natijalarga aylantirishda samarali usullarni ta’minlash, o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun yosh yetakchilarning imkoniyatlarini havola qilishga qaratildi.
3 shartdan iborat aqllar bellashuvi natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin “Bilimdonlar” jamoasiga nasib qildi. Ikkinchi o‘ringa “Tarixchilar”, uchinchi o‘ringa “Yosh siyosatchilar” jamoasi erishdi. G‘oliblarga partiyaning esdalik sovg‘alari va diplomlari topshirildi.