Ayol baxti – oila va jamiyat baxti
Ayol baxti – oila va jamiyat baxti

 

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Aytadilarki, Yer yuzida agar birgina ayol qolsa ham, demak, hayot bor, mehr-muhabbat bor... Yaratganning mo‘jizasi sanalmish ayol qalbi eng muazzam tuyg‘ularga beshik bo‘lib, uning chehrasida nafosatni, yorug‘ olamga zeb berib turgan nazokatni ko‘ramiz. Vujudida insoniyat kelajagini ulg‘aytiradigan bu tilsimot fidoyilik, sadoqat timsoli hamdir. U millatning buyuk tarbiyachisi, davlat va jamiyatni rivojlantirishning muhim ishtirokchisi ekaniga, necha ming yildirki, bani bashar guvoh bo‘lib kelmoqda.

Bugun dunyo oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada shiddat bilan o‘zgaryapti. Qarashlar, tutumlar, yondashuvlar, hattoki ba’zi jamiyatlarda umuminsoniy qadriyatlar ham tamomila yangicha mazmun-mohiyatga ega bo‘lib bormoqda. Ammo bir haqiqat aniq: jamiyatning madaniy darajasi, undagi ijtimoiy tenglik va adolat aynan xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanishiga oid ulug‘ mezon global doirada hamon qiymati hamda ahamiyatini zarra qadar yo‘qotgani yo‘q.

Ilm-fan va texnika eng yuqori cho‘qqiga chiqayotgan, inson zakosi ila aql bovar qilmas kashfiyotlar turmush tarzimizga kirib kelayotgan yangi zamonda SHAXS tarbiyasi o‘z taqdiri haqida qayg‘urayotgan xalq va millat uchun hayot-mamot masalasiga aylangani ham bor gap. Bu vazifani uddalash esa, so‘zsiz, ayollar aqlu zakovati, salohiyati, ma’rifati va fidoyiligiga bog‘liqligini ortiqcha ta’rif etish na hojat.

– Qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening ko‘z o‘ngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi. Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men o‘zim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi, – degan edi Prezidentimiz.

Samimiyatga yo‘g‘rilgan mazkur so‘zlar zamirida ayolni ulug‘lashdek olijanoblikni ko‘ramiz. Qolaversa, bugun yurtimizda xotin-qizlarga oid davlat siyosati yuqori bosqichga o‘z-o‘zidan chiqmayotgani, buning ortida mana shunday yuksak e’tibor, g‘amxo‘rlik, azmu shijoat turganini yana bir karra his qilamiz.

 

Zulayho MAHKAMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari –

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 5.3.2025, 9

 

 

 

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish