Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga yangicha yondashuv
Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga yangicha yondashuv

 

Kecha Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning sarhisobi, erishilgan natijalar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar batafsil muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurashishda uning kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganish, oldini olish va bu boradagi profilaktika ishlarini tizimli bajarishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi islohotlarni amalga oshirishda eng katta g‘ov, bu — korrupsiya illati ekani, u xalqning davlatga, Konstitutsiyaga va qonunlarga bo‘lgan ishonchini so‘ndirishi ta’kidlanib, parlament palatalari tomonidan bu borada qilinayotgan ishlarga ham asosli ravishda tanqidiy baho berildi hamda tegishli qo‘mitalar faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator aniq vazifalar belgilab berildi.

Shundan kelib chiqib, qo‘mitamiz o‘z faoliyatida budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlashda korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashishda qonun ijodkorligi faoliyatiga tanqidiy qarab, bir qancha o‘zgarishlarni amalga oshiradi.

Eng avvalo, soliq, budjet va pul-kredit siyosatini amalga oshirish, bank va moliya tizimining samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqishda, albatta, korrupsiya holatlarini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillarga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, davlat budjeti mablag‘lari ishlatilishi bilan bog‘liq barcha jarayonlarning ochiqlik va shaffofligini ta’minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirishda deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan keng foydalangan holda tashabbusli qonun loyihalari ustida ish olib borishini keskin kuchaytirishimiz zarur.

Budjet, soliq, bank va boshqa moliyaviy xizmatlar sohasida korrupsiyaga qarshi qonunchilikni kuchaytirish uchun tizimli yondashuv talab qilinadi. Buning uchun Prezidentimiz ta’kidlaganidek, qonunlarda shaffoflikni oshirish, inson omilini kamaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va jazo muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan normalar o‘z aksini topishi lozim.

Korrupsiyaviy holatlarni kamaytirish uchun budjet, soliq va bank sohasidagi qonunlarda normalarning mukammalligi, aniq tartibga solingani, moliyaviy shaffoflik va hisobdorlik tamoyillariga amal qilinganligi pastga tushib, mahallalarga borib o‘rganiladi. Bunda budjet mablag‘larining taqsimlanishi va sarflanishi haqidagi ma’lumotlar jamoatchilik bilan muhokama qilinadi hamda aniqlangan huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Yuqoridagilardan tashqari, davlatimiz rahbari soliq, moliya va bank tizimida raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilishiga doir aniq vazifalar qo‘ydi. Shundan kelib chiqib, ushbu sohalarda korrupsiya xavfini kamaytirish maqsadida raqamli texnologiyalarni joriy qilish, xususan, elektron soliq to‘lovlari, onlayn audit tizimlari, avtomatlashtirilgan moliyaviy hisobotlar kabi zamonaviy vositalarni keng joriy qilishning xuquqiy asoslarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak.

Shu nuqtayi nazardan, ish rejamizda qo‘mita tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tadbirlarini ham chuqur qayta ko‘rib chiqamiz.

Eng avvalo, qo‘mita mas’ulligida qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi, “Raqobat to‘g‘risida”gi, “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi va boshqa bir qancha qonunlarda korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari bugun amaliyotda qanday ishlayotgani va qanday natija berayotganiga huquqiy baho berishimiz kerak.

Shuningdek, banklar faoliyatida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, ayniqsa, moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda inson omilini cheklash hamda bu borada raqamlashtirishni joriy qilishning huquqiy mexanizmlari amaliyotga joriy etilgani bo‘yicha qo‘mita eshituvlari tashkil etiladi.

Qo‘mitaning nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirishda Hisob palatasi va boshqa davlat moliyaviy nazorat organlari bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Qolaversa, davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan loyihalar yakuni bo‘yicha eshituvlar hamda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning budjet mablag‘laridan foydalanishi bilan bog‘liq maqsadli indikatorlari bajarilishi yuzasidan vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitishni ham korrupsiya holatlari va omillari nuqtayi nazaridan yangicha tashkil etishimiz talab etiladi. Bundan tashqari, Davlat budjetidan har yili ajratilgan subsidiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi holatini joyiga chiqib o‘rganish ishlari tashkil etiladi.

Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan yana bir aniq vazifalardan biri — bu davlat xaridlari tizimida tanlovsiz amalga oshirilayotgan xaridlarni tanqidiy ruhda ko‘rib chiqish hamda yil yakunigacha to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar miqdorini ikki karraga qisqartirishdir. Bu borada Senatning mas’ul qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamjihatlikda tizimli ishni yo‘lga qo‘yamiz.

 

Sharofiddin NAZAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish