Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, fraksiya oldida turgan ustuvor yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.
Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan parlament va partiyalarga qo‘yilgan vazifalar ustida jiddiy, asosli o‘rganishlar amalga oshirish zarurligi, qabul qilinayotgan qonunlarda korrupsiyaga qarshi kurashishga doir yangicha yondashuvlar asosida ishlash kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, yig‘ilishda tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga yengillik berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Fraksiya a’zosi Zuhra Shadiyeva mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligi qanday mezonlarga asosan tasdiqlanishi va qanday nazorat qilinishi haqida mutasaddilarga savol bilan yuzlandi. Qonun tashabbuskorlari bu masalada respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlaridan iborat ekspertlar jamoasi jalb etilganini bildirdi. Deputat xolis va professional mutaxassislar xulosa berishi zarurligini, jarayonda mustaqil ekspertlar ishtirok etishi, ochiq, shaffof tizim shakllantirilishi kerakligini alohida ta’kidladi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokamadan o‘tkazildi.
Fraksiya a’zosi Iba Narizova yurtimizda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik bilan shug‘ullanishi kengayayotgani, lekin homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi, mezonlari qonunchilikda aniq belgilanmagani sababli ayrim g‘araz niyatli shaxslar ishonchga kirib, manfaatdorlik payida bo‘layotgani, bunday xabarlar OAVda chiqib turganini ta’kidladi. Bunday muammoli holatlarning oldini olish bo‘yicha qonun loyihasida ta’sir choralari nazarda tutilgan-tutilmaganini so‘radi.
Qonun tashabbuskorlari loyihada homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzishning oldini olishga, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini oshirishga xizmat qiladigan me’yorlar belgilayotganini ma’lum qildi. Deputatlar bunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlashini qayd etib, qo‘shimcha mulohazalarini ham bildirishdi.
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari qonun loyihalari yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Xususan, qonun loyihalari huquqiy munosabatlarni osonlashtirishi, huquq va manfaatlarni himoya qilishi kerakligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash mexanizmlariga ega bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yakunda fraksiya a’zolari qonun loyihalarini ma’qullash haqida qaror qabul qildi.