Korrupsiyaga qarshi kurash ijtimoiy muammolar yechimiga xizmat qiladi
Korrupsiyaga qarshi kurash ijtimoiy muammolar yechimiga xizmat qiladi

 

Korrupsiyaning turli shakllarda namoyon bo‘lishi butun dunyoda nafaqat siyosiy-huquqiy, ayniqsa, ijtimoiy muammolar ko‘payishiga olib keladi. Mamlakatimizda davlat rahbari boshchiligida korrupsiyaga qarshi qat’iy va izchil kurash olib borilayotgani ijtimoiy masalalarning samarali hal etilishiga ham xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan davlat idoralarining xalqimiz oldidagi mas’uliyati va hisobdorligini yanada oshirish yo‘nalishida yangi mexanizmlarni joriy etish, har bir davlat organining shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash masalalari partiyamiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelinadi.

Fraksiyamiz korrupsiyaga qarshi kurashish fuqarolarning haq-huquqlarini samarali himoya qilish, davlat idoralarining xizmat sifatini yanada takomillashtirish uchun muhim, deb hisoblaydi.

Oxirgi yillarda respublikamizning barcha hududlarida fuqarolarga ijtimoiy-iqtisodiy xizmatlar ko‘rsatishda inson omilining kamayib borayotgani, bu borada belgilangan yangi vazifalar ijrosi xalqimizning islohotlarga ishonchini yanada mustahkamlashga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy yordamlarning manzilliligini oshirish, ayniqsa, subsidiyalar va boshqa yordamlarning korrupsion omillardan to‘liq xoli bo‘lishi biz uchun prinsipial ahamiyatga ega. Bu borada mutasaddi vazirlik-idoralar, joylardagi ijro hokimiyati raqamli texnologiyalardan yanada samarali foydalanishi, davlat ko‘magi ajratilishida inson omilini kamaytirish, qaror qabul qilish jarayonlarini yanada shaffof qilish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblaymiz. Partiyamiz fraksiyasi bu maqsadlar yo‘lidagi islohotlarga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.

Hududlarda deputatlik va parlament nazoratining izchil olib borilishi ham korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘ziga xos omil hisoblanadi. Shuning uchun partiyamiz elektorati manfaatlari bilan bog‘liq ijtimoiy masalalarda nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirish talab etiladi. Xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi guruhlarimiz bilan birga mahallalar darajasiga tushib, infratuzilmaga ulanish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi yo‘nalishlarda jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytiramiz. Bu ishlar partiyamiz elektorati vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi mas’uliyatimizni oshiradi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi korrupsiyaga qarshi kurashish orqali ijtimoiy masalalarni samarali hal etish, jamiyatni yaxshilash yo‘lidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi va barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish