
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-13-mart kunlari davlat tashrifi bilan Fransiya Respublikasida bo‘ldi.
Ikkita davlat yetakchilari olib borgan muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiya-moliyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Geologiya, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa tarmoqlarda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi va O‘zbekiston — Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etish bo‘yicha kelishib olindi.
Eng muhimi, Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Ushbu deklaratsiyaning qabul qilinishi juda katta natija sifatida baholanishi kerak. Bu O‘zbekiston va Fransiya munosabatlari yanada yuqori darajaga chiqayotgani, davlatlar orasida o‘zaro ishonch munosabatlari o‘rnatilayotgani hamda ular alohida xalqaro masalalar bo‘yicha tizimli ishlanishidan dalolat beradi.
Fransiya tomonidan O‘zbekistonga juda katta ehtirom ko‘rsatilganini alohida ta’kidlash joiz. Bu tashrifning tashkiliy, protokol jihatlarida o‘z ifodasini topib, o‘z tilini juda hurmat qiladigan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron davlatimiz rahbariga o‘zbek tilida murojaat qilishi va uning “Yashasin O‘zbekiston, yashasin Fransiya, yashasin Fransiya — O‘zbekiston do‘stligi” deya, qabul marosimida qilgan chiqishi yurtdoshlarimiz orasida O‘zbekistonga, Prezidentimizga bo‘lgan Fransiyaning yuksak munosabati, deb baholanyapti.
Ayniqsa, Prezidentimizga Fransiyaning oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni Fransiya Prezidenti tomonidan topshirilgani davlatimiz rahbarining ikki davlat hamkorligini rivojlantirish va bu esa O‘zbekiston Prezidentining olib borayotgan ochiq, pragmatik va xalq manfaatlarini ustuvor qilgan tashqi siyosatiga, xalqaro maydondagi tashabbuslariga Fransiya rahbariyatining yuqori bahosi sifatida bilishimiz kerak.
Bu e’tirof O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan islohotlarning katta yutug‘idir. Sababi, Fransiyaning yalpi ichki mahsuloti 3 trillion AQSH dollaridan ortiqni tashkil qilib, u ushbu iqtisodiy ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinda turadigan qudratli davlat. Shuningdek, Yevropada yagona yadroviy mamlakat va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a’zosidan biri bo‘lib, Yevropa Ittifoqi va xalqaro maydonda muhim rol o‘ynaydi, xalqaro siyosiy kun tartibini shakllantirishda asosiy davlatlardan biri hisoblanadi.
Jahon banki va BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiya dunyodagi eng katta to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qiluvchi va eksport qiluvchi davlatlardan biridir. Tashqi savdoda uning asosiy hamkorlari Germaniya, Italiya, Ispaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy kabi yirik davlatlardir.
Fransiya investitsiya kiritish bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinda turadi. Uning kompaniyalari yuqori texnologiyalar, sanoat va infratuzilma sohalariga katta e’tibor qaratadi. Avtomobilsozlik, aerokosmik sanoat, kimyo, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi sohalarida ham yetakchi davlatlardan biri sanaladi.
Shuningdek, ushbu mamlakat dunyodagi eng nufuzli ta’lim tizimlaridan biriga ega. Uning universitetlari xalqaro hamkorlikka katta e’tibor qaratadi va chet ellik talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Fransiyada 2023-yilda 370 mingdandan ortiq chet ellik talabalar tahsil olgan, bu esa mamlakatni Yevropa Ittifoqidagi eng mashhur ta’lim markazlaridan biriga aylantirmoqda.
Dunyodagi eng ko‘p sayyoh tashrif buyuradigan davlatlardan biri ham Fransiya hisoblanadi. 2024-yilda bu yerga 100 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgani uni global turizm markaziga aylantirmoqda.
Fransiya quvvat olish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini faol rivojlantirmoqda va ularni xalqaro darajada taqdim etishga tayyor.
Dunyodagi eng samarali sog‘liqni saqlash tizimlaridan biriga ham ega. Mamlakatda tibbiyot sohasi davlat va xususiy sektor o‘rtasida yaxshi muvozanatlashtirilgan bo‘lib, Sanofi, Servier, va Ipsen kabi farmatsevtika kompaniyalari innovatsion dorilar va tibbiy uskunalar ishlab chiqarishda yetakchi o‘rinni egallaydi. Shuningdek, Fransiya tibbiyot texnologiyalari, kardiologiya, onkologiya va biotexnologiya sohalarida ilg‘or davlatlardan biri hamdir.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston va Fransiya munosabatlari jadal rivojlanmoqda. 2020-yilda tovar aylanmasi 220 milllion AQSH dollari bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda ushbu ko‘rsatkich 1,1 milliard AQSH dollaridan oshdi.
O‘zbekistonda 50 ta korxona 100 foiz Fransiya kapitali bilan faoliyat ko‘rsatmoqda. Fransiya kompaniyalari O‘zbekistonda kommunal xizmatlar (Veolia, Suvaysh,), energetika, jumladan, yashil energiya (EDF, Total Energies, Voltalia, Orano, Assystem) va oziq-ovqat sanoati (Lactalis) kabi muhim sohalarda mavjud.
O‘zbekiston va Fransiya universitetlari o‘rtasida qo‘shma dasturlar tashkil qilingan. 2018 — 2024-yillarda turizm, arxeologiya, dizayn va moda, fransuz filologiyasi, aviatsiya, inklyuziv ta’lim, biznesni boshqarish, energetika, siyosatshunoslik, aviatsiya va boshqalar kabi ta’lim sohasida 50 dan ortiq shartnomalar va memorandumlar imzolangan.
Ayni paytda mamlakatimizdagi 602 ta maktabda 141,3 ming nafardan ortiq o‘quvchi, shuningdek, 11 ta oliy o‘quv yurtida 15 ming nafar talaba fransuz tilini o‘rganmoqda.
Parlamentlararo hamkorlik delegatsiyalar almashinuvi, ikki mamlakat parlamentlaridagi “do‘stlik guruhlari” faoliyati, parlamentlararo birlashmalar va ko‘p tomonlama parlament tuzilmalari tomonidan uyushtirilayotgan xalqaro tadbirlarda qatnashish orqali izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekiston va Fransiya parlamentariylarining o‘zaro hamkorligi tajriba almashish, global va mintaqaviy muammolarni muhokama etish, shuningdek, ko‘p tomonlama darajadagi sheriklikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Bu galgi rasmiy tashrif O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi keng qamrovli, ishonchli va o‘zaro manfaatli hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lib, kelajakda mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ulug‘bek SHЕRMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.