Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining nogironligi bor shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati, o‘zaro hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi markazlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish borasidagi ishlar va rejalar haqida axborot berdi.
Fraksiya a’zosi Qizilgul Qosimova “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari partiya elektorati manfaatlari himoyasini kuchaytirish yo‘lida katta islohot bo‘lganini ta’kidladi, nogironligi bor shaxslarga olinadigan dori-darmon vositalarining tenderga qo‘yilishida kechikishlar kuzatilayotgani, xizmat ko‘rsatishga mas’ul xodimlarning maosh masalasi yuzasidan fikrlarini bildirdi.
Fraksiya a’zosi Irina Tokareva Toshkent shahri misolida “ijtimoiy karta”larni olish, foydalanish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari yetarli darajada emasligini qayd etdi. Mutasaddilar ushbu masalalar bo‘yicha aniq ma’lumotlar yetkazilishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov markazlar faoliyatining samaradorligini oshirish uchun doimiy muloqot zarurligini, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va Ijtimoiy himoya agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolash rejalashtirilganini, shuningdek, deputatlar va agentlik xodimlari birgalikda o‘rganishlar tashkil etishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilishda qonun loyihalari muhokama qilindi. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Fraksiya a’zosi Imomnazar Tursunov aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatishda shaxslarning (oila) iqtisodiy holatini aniqlashda muammolar mavjudligi, xususan, ijtimoiy yordam yoki xizmat olish uchun murojaat qilgan shaxsning (oila) tijorat banklaridagi omonatlari, pul o‘tkazmalari bo‘yicha (mablag‘ qabul qilish yoki jo‘natish) ma’lumotlari va hisob raqamlaridagi qoldiq mablag‘larini o‘rganish ehtiyoji yuzaga kelayotganini alohida ta’kidladi.
Mutasaddilar ushbu masalalar yechimi nazarda tutilayotgani, “ijtimoiy karta” tizimini yo‘lga qo‘yishga doir yangicha yondashuvlarga o‘tilayotganini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari har bir qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi, tegishli qarorlar qabul qilindi.