Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasining ish rejasida belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining Taxtako‘pir tumanidagi ijrosi o‘rganildi.
Dastlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi va xalq deputatlari Taxtako‘pir tumani Kengashidagi partiya guruhi a’zolaridan iborat Ishchi guruh “Dao‘qara” ovul fuqarolar yig‘inidagi “mahalla yettiligi” bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining bajarilishi bo‘yicha suhbatlashdi. Ushbu ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Yerkinboy Qaypov dastur doirasida 30 million so‘m miqdorida olingan kredit hisobidan issiqxona qurib, bugungi kunda pomidor ko‘chatlarini yetishtirib kelmoqda. Shuningdek, Umitbek Matirzayev 30 million so‘m kredit hisobidan baliqchilik bilan shug‘ullanib, ikki nafar kishini ish bilan ta’minlagan.
Shundan so‘ng, o‘rganish natijalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi va Xalq deputatlari Taxtako‘pir tumani Kengashidagi partiya guruhining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Xalq deputatlari Taxtako‘pir tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhi rahbari Q.Jaliyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentyabrdagi farmoni va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining Taxtako‘pir tumanida ijrosini deputatlik nazorati sifatida o‘rganishlarning yakuni bo‘yicha ma’lumot berdi.
Xususan, Taxtako‘pir tumanida dastur doirasida eng og‘ir hududlar hisoblangan “Janadaryo”, “Dao‘qara”, “Qo‘ng‘irotko‘l”, “Mulk” ovul fuqarolar yig‘ini hamda “Qorateran” mahalla fuqarolar yig‘ini tanlab olinib, ushbu mahallalarda tomorqa yerlarni sug‘orishni yaxshilash, elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida har bir mahalla uchun 2 milliard 950 million so‘m, jami 5 ta mahallaga jami 14 milliard 750 million so‘m mablag‘ ajratish belgilangan bo‘lib, 1 ming 417 ta oilaning 408 gektar tomorqa yerining suv ta’minoti yaxshilanadi. Bu esa o‘z navbatida mazkur oilalar daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-yanvardagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2024-yilda mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari tomonidan 232 nafar ishsiz fuqaroga 200 gektar ekin maydoni uzoq muddatli ijaraga berilgan va ularning bandligi ta’minlangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi, xalq deputatlari Taxtako‘pir tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhi a’zolari so‘zga chiqib, o‘rganishlar yakuni bo‘yicha bayon etilgan ma’lumotlardan kelib chiqib o‘z fikrlarini bildirdi.
Majlis kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.