Andijon viloyati va Toshkent shahrida aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish holatini o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan onlayn jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Eshituvda xalq deputatlari Kengashlaridagi O‘zXDP guruhlari a’zolari, mutasaddi tashkilotlarning mas’ullari, partiya mas’ul xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari Maqsuda Varisova partiyaning Saylovoldi dasturida aholi uy-joy sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish belgilangan. Shundan kelib chiqib, kommunal xizmatlarni rivojlantirish yo‘nalishida davlat dasturlari doirasida amalga oshirilgan ishlar partiya guruhlari tomonidan o‘rganildi.
Eshituvda Andijon viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari Muqaddas Sultonova onlayn tarzda o‘rganish natijalari haqida axborot berdi. Natijalar bilan birga, bir qator masalalar aniqlanganini qayd etdi. Kuz-qish oylarida kommunal xizmatlardagi uzilishlar aholiga noqulaylik tug‘dirishini, ayniqsa, nuroniylari, yosh bolalari yoki bemorlari bor oilalar qiynalishini qayd etdi.
Gaz idoralari xodimlarining so‘zlariga qaraganda, tabiiy gaz berilishida uzilishlar bo‘lishidan oldin mahallalar raislari muntazam ogohlantiriladi. Ammo fuqarolar mahalla raislari yilda bir yoki ikki marta ogohlantirishini bildirgan. Shuning uchun o‘chirishga zarurat bo‘lgan hollarda “sms xabarnoma” orqali xabar berilishi maqsadga muvofiqligi haqida taklif berildi.
Mahallalarga tuman gaz idorasi xodimi biriktirilgan, lekin texnik masalalarni joyida hal qilib bera olmaydi. Muammosi bor iste’molchi tuman yoki shahar gaz idorasiga o‘zi borishga majbur. Aholi vakillari har yili o‘tkazilishi belgilangan texnik ko‘rik deyarli bo‘lmasligini bildirgan. Mahallalarga biriktirilgan gaz idorasi xodimlari uyma-uy yurib, pul to‘plab ketadi, xolos. Eshituvda mahallalarga biriktirilgan xodimlarning professional xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Biroq ba’zi mahallalarda iste’molchilar gaz ballonlari 40-45 kunda emas, 60-90 kunda almashtirilayotganiga e’tiroz bildirgan.
O‘rganish davomida aniqlanishicha, viloyatdagi eng yechim kutilayotgan muammolardan biri tumanlarda yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardagi chiqindi suvlar, ya’ni kanalizatsiyadir. Aksariyat bunday uylarda yashovchilar chiqindi suvlar uchun tarmoq yo‘qligi sababidan o‘zlari chuqur qazib olishgan. Ammo ularning tez to‘lib qolishi qimmatga tushayotgani, bundan boshqa muammolar ham kelib chiqayotgani ta’kidlandi.
Toshkent shahar partiya kengashi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sirojiddin Shonazarov poytaxt tumanlaridagi o‘rganishlar natijasi haqida ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, keyingi yillarda aksariyat kommunal xizmatlar sifati yaxshilangan, buni deputatlar, faollar, iste’molchilar e’tirof etishgan.
Lekin ayrim tumanlarda muammoli holatlar kuzatilmoqda. Misol uchun, “Yangi Choshtepa” MFYdan 232 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 30 tasi boshqaruv servis kompaniyalarining (BSK) faoliyatidan norozilik bilan bog‘liqdir. “Navqiron” MFYdan esa shu mazmundagi 40 ta murojaat tushgan.
Qolgan murojaatlar bo‘yicha statistika ko‘rib chiqilganda ham eng ko‘p murojaat boshqaruv servis kompaniyalar faoliyatidan norozilik to‘g‘risida ekani ko‘rinadi. Mavjud boshqaruv servis kompaniyalari MCHJ hisoblanib, tadbirkorlik maqomiga ega. Ularning faoliyatiga aralashish, tekshirish faqat Biznes ombudsman ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkinligi bildirilgan.
Ischte’molchilar va BSK o‘rtasidagi munosabat yomonlashgani sari hokimiyatga savollar ko‘payaveradi. Vaholanki, ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomasi boshqaruvchi tashkilot bilan qonun talablariga muvofiq yozma shaklda, umumiy yig‘ilish qarorlarida ko‘rsatilgan shartlar asosida tuziladi. Shartnomalar tahlil qilinganda, ularning aksariyati ko‘proq foydasiga tuzilgani, mulkdorlarning huquqlari kam hisobga olingan.
Shundan kelib chiqib, partiya deputatlari va faollari BSK bilan tuzilayotgan shartnomalar shaklini puxta ishlab chiqish kerakligi, ularni tegishli qonunda belgilangan talablarga moslashtirish zarurligini ta’kidladi. Shartnomalarda ikki tomonning huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatib qo‘yilishi zarur.
Jamoatchilik eshituvida BSKlar boshqaruvi yoki nazoratini hokimiyatdagi kommunal bo‘limga birlashtirish kerakligi haqida takliflar ham yangradi. Aholi tomonidan hukumat portaliga murojaat qilinsa, ijrosi BSKlarga emas, hokimiyatga kelib tushadi. BSKlar faoliyatini kim qanday nazorat qiladi, ular o‘z majburiyatlarini bajarmasa, nima bo‘ladi, degan savolga javob topish mahallalarda, ko‘p qavatli uylarda yechimi yo‘qdek masalaga aylangan.
Deputatlar jamoatchilik faollari bilan birga, BSKlar faoliyati bo‘yicha asosiy nazorat, huquq va vakolat fuqarolar umumiy yig‘ilishida ekani, o‘zaro hamjihatlik yuqori mahallalar va ko‘p qavatli uylarda xizmat sifati ham yaxshi ekani haqida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda hududiy mutasaddi tashkilot va korxona rahbarlarining axborotlari eshitildi. Deputatlar o‘rganish jarayonida aholidan tushgan muammo va takliflarni bildirdi.
Maqsadimiz kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi kamchiliklarni elga yoyish emas, kamchiliklarni aniqlash, soha mutaxassislariga taqdim etish va bartaraf etilishiga hissa qo‘shishdan iborat, dedi partiya mas’ullari va deputatlar. Bu borada mutasaddi tashkilotlar bilan xamkorlikda choralar ko‘rishga kelishib olindi.