Deputat tashabbusi: tibbiy ko‘rik va xayriya tadbiri
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qorao‘zak tumani kengashi raisi, tuman Kengashi deputati, partiya guruhi rahbari R.Karmisovaning tashabbusi bilan hudud fuqarolariga “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Xayriya jamg‘armasining tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi hududdagi boquvchisini yo‘qotgan keksalar, nuroniy otaxon va onaxonlar, tug‘ish yoshidagi ayollar, ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarga Berdaq ovuli fuqarolar yig‘inidagi qishloq vrachlik punktida bepul tibbiy xizmatlar va muruvvat yordamini ko‘rsatdi. Kun davomida tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikda sog‘lig‘iga bog‘liq zarur dori-darmonlar, ko‘zoynaklar va sanitariya-gigiyena vositalari tarqatildi.
Bundan tashqari 12 nafar voyaga yetmagan, 3 nafar nogironligi bo‘lgan yoshga kiyim-kechak va boshqa bayram sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.