Davlat boshqaruvida ayollar
Davlat boshqaruvida ayollar

 

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlar har sohada o‘zini rivojlantirish, namoyon qilish va hayotda katta natijalarga erishishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ayol kishi qaysi yoshda bo‘lmasin o‘z ustida ishlashi, zamonaviy bilimlarni egallashi, doimo liderlikka intilishi va Prezidentimiz ta’birlaricha, “zamonamiz qahramoni” bo‘lishga harakat qilishi darkor.

Zero, Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etib kelinayotgan “Rahbar ayollar maktabi” dasturida tahsil olgan har bir lider ayol o‘ziga mana shunday katta rag‘bat oladi.

“Rahbar ayollar” maktabi o‘quv kursi Davlat fuqarolik xizmatidagi rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni maqsadli tayyorlash, ularning davlat boshqaruvida qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirokini kengaytirish, salohiyatli xotin-qizlar korpusini shakllantirish, lider ayollarimizni rahbarlikka tizimli tayyorlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, dastur yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi.

Oliy Majlis Senati raisi T.Norboyeva, Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova, Bosh prokuror o‘rinbosari S.Artiqova hamda boshqa vazirlik va idoralar rahbarlaridan olingan bilim va tajribalar har bir tinglovchida o‘ziga bo‘lgan ishonchni, hayotda va jamoada rahbarlik pozitsiyasini shakllantirishda katta rol o‘ynaydi. Partiyamiz faoli sifatida menga berilgan shunday imkoniyatdan juda xursandman. O‘qish bilan birgalikda Senatdagi Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport qo‘mitasida amaliyot jarayonlarida ishtirok etib, faoliyat olib borayotgan sohamni naqadar muhimligini yana bir bor angladim. Senatorlarimizdan eng yaxshi saboqlarni olishga intildim.

Bugunga qadar dastur doirasida 150 ga yaqin xotin-qizlar o‘qitilib, ulardan 32 nafari yuqori lavozimlarga tayinlandi. Dasturning 4-mavsumida 100 nafar tinglovchi tahsil oldik.

Prezidentimiz “Ayollar ishlagan va rahbarlik qilgan joylarda tartib, adolat, halollik va madaniyat yuqori bo‘ladi...” deya ta’kidlaganidek, dasturni muvaffaqiyatli bitirib, sertifikatni qo‘lga kiritgan ayollarimizdan ertaga shunday rahbarlar yetishib chiqishiga ishonaman.

 

Shahlo Xudoyqulova,

O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi bo‘lim boshlig‘i,

“Rahbar ayollar maktabi” 4-mavsum tinglovchisi.

 

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish