
Parlament Quyi palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
Aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi tashkil qilingani hayotiy natijalarini ko‘rsata boshladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi qisqa vaqtda ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash tizimini mahallalargacha manzilli joriy etish bo‘yicha samarali faoliyat olib bormoqda.
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilmoqda, ehtiyojmand kishilarga yordam beradigan manzil sifatida el og‘ziga tushmoqda. Elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, dasturiy maqsadlarga erishish maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi agentlik bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi hamda partiya Markaziy Kengashi xodimlaridan iborat ishchi guruh joylarda «Inson» markazlari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi. Tahlillar bu borada qator yutuqlar bilan bir qatorda joylarda yechimini kutayotgan ayrim masalalar ham borligini ko‘rsatdi.
Joriy hafta boshida quyi palatadagi fraksiya a’zolari Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ullari bilan o‘rganish natijalarini muhokama qildi. O‘zaro hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish, muammolarni birgalikda hal qilish haqida fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Anvarxon TEMIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Bugungi kunda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash borasida qator yangiliklar joriy qilinmoqda. Ayniqsa, trikotaj, to‘quv, yigiruv fabrikalariga 2028-yil 1-yanvarga qadar ma’lum bir soliq imtiyozlari berilyapti. Buni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun integratsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ulining bildirishicha, agentlik tomonidan ishlab chiqilgan loyihada kambag‘allik reyestrida turmagan bo‘lsa ham, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga imtiyozlar berish taklif etilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova «Saxovat» va «Muruvvat» uylaridagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga qarovchi xodimlarning mehnatiga haq to‘lash masalasidagi o‘zgarishlar, rejalar haqida so‘radi.
Ushbu savolga agentlikning boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sahobiddin Davronov javob berdi. Unga ko‘ra, «Muruvvat» uylari hamda Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga qarovchi xodimlar asosan shifokorlar, hamshiralar va sanitarkalar hisoblanadi. O‘rtacha oylik ish haqi «Muruvvat» uylarida 6 200 000 so‘mdan 7 500 000 so‘mgacha ekani ta’kidlandi. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida esa 5 750 000 so‘mdan 7 000 000 so‘mgacha ekani bildirildi.
Deputatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga o‘qitish bo‘yicha tuman, shaharlarda kasb-hunar maktablari va umumta’lim maktablarida o‘quv kurslari, nazariy darslar tashkil etilganini, bu borada yuqori natijalarga erishish mumkinligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, agentlik bu masalaga alohida e’tibor qaratgan. Toshkent shahrida «International inclusive hub» xalqaro tayanch inklyuziv professional ta’lim markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. U yerda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga o‘qitish bo‘yicha tuman, shaharlarda ta’lim olayotgan 136 nafar nogironligi bo‘lgan o‘quvchi darsdan tashqarida 16 ta kasbga yo‘naltirilgan kurslarga jalb qilingan. Ulardan 59 nafari ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, tegishli kasb-hunar bo‘yicha diplom egasi bo‘lishgan.
Bolalarni kasbga va kichik biznesga o‘rgatishni yanada kengaytirish maqsadida xalqaro YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda UPSHIFT dasturi ishga tushirilib, eng yaxshi «startap» g‘oyalariga YUNISEF tomonidan biznes g‘oyalarini amalga oshirish uchun grantlar berilishiga kelishilgan.
Agentlik tizimida 17 ta ko‘zi ojiz bolalar uchun «Nurli maskan» ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida o‘qiyotgan 3 487 nafar o‘g‘il-qiz kasb egallashiga ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda. Ularni ijtimoiy hayotga tayyorlab borish, bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida maktab-internatlar qoshida 10 ta yo'nalish bo'yicha tashkil etilgan 29 ta o'quv ustaxonalarida 543 nafar o'quvchi muntazam dars mashg‘ulotlariga qatnaydi. Imkoniyatlaridan kelib chiqib, yog‘och o‘ymakorligi, duradgorlik, poyabzal ishlab chiqarish va tikuvchilik, naqsh, pazandachilik va to‘quvchilik kabi o‘quv ustaxonalari tashkil etilgan. Masalan, Samarqand shahridagi 60-son «Nurli maskan» maktab-internatida yakka tartibdagi tadbirkor bilan shartnoma tuzilib, 22 nafar bolaga mebelsozlik sirlarini o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan.
Fraksiya a’zolari o‘rganishlar davomida aniqlangan boshqa masalalarga ham e’tibor qaratdi. Xususan, bolalikdan og‘ir toifadagi nogironligi bo‘lgan bolalarning qarovchilarida hissiy va jismoniy charchash oqibatida psixik muammolar vujudga kelmoqda. Shunday insonlarga imtiyozli tarzda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi sanatoriylarga borish imkoniyatini yaratish masalasini o‘ylab ko‘rish haqida taklif bildirildi. Bu bo‘yicha saylovchilardan murojaatlar ham bo‘lib turgani qayd etildi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan inklyuziv sinflardagi sharoitlar, adaptiv sport turi bilan muntazam shug‘ullanish uchun imkoniyatlar yaratish masalalari haqida ham fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi.
Kelgusi rejalar xususida ma’lumot berildi. O‘zbekiston XDP fraksiyasi hamda agentlik o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirib borish muhimligi qayd etildi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.
«O‘zbekiston ovozi», 26.3.2025, №12