O‘zbekistonning xalqaro ahamiyati oshayotgani ifodasi
O‘zbekistonning xalqaro ahamiyati oshayotgani ifodasi

 

Shu yil 5-9-aprel kunlari Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi yurtimizda bo‘lib o‘tadi. Bu nufuzli yirik anjumanga mezbonlik nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi, parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish va davlatlararo muloqotni rivojlantirish uchun bir qator yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Mazkur Ittifoq dunyoning eng yirik parlamentlararo tashkilotlaridan bo‘lib, 1889-yilda tashkil etilgan. Unga 200 ga yaqin milliy parlament aʼzo bo‘lib, xalqaro diplomatiya va qonunchilik hamkorligini rivojlantirishda muhim platforma hisoblanadi.

O‘ziga xos yubiley assambleyaning bizda o‘tkazilishi mamlakatimizga xalqaro maydondagi ishonch va eʼtiborning oshganini ko‘rsatadi. Mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanishga qaratilgan O‘zbekiston tashabbuslarining xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganining isboti hamdir.

Dunyo mamlakatlarining parlament rahbarlari, siyosatchilar va ekspertlar ishtirok etishi qonunchilik sohasida tajriba almashish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va parlamentlararo muloqotni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat beradi. Аssambleya doirasida turli davlatlar bilan qonunchilik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirishni muhokama qilish mumkin bo‘ladi.

Maʼlumki, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash O‘zbekiston tashqi siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib kelmoqda. Аssambleya doirasida Markaziy Osiyo masalalari, chegara xavfsizligi, iqtisodiy rivojlanish va ekologik muammolar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Yana bir jihati, jahonning turli nuqtalaridan kelgan delegatlar O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi bilan, keyingi yillardagi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar.

O‘zbekistonda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va elektron hukumat tizimini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Аssambleya doirasida raqamli parlament, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va korruptsiyaga qarshi kurashish kabi masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda. Bu O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishlardagi tajribasini boyitishga va yangi xalqaro hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Shokirjon Аhmedov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Ozbekiston XDP fraktsiyasi aʼzosi,

Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qomitasi aʼzosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish