
Bugungi kunda O‘zbekiston katta nufuzli tadbirga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ya’ni, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi shu yil 5-9-aprel kunlari Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
Dunyoning 180 parlamentini birlashtirgan ushbu nufuzli tuzilma parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasiga ega mamlakatlarda o‘zining oliy organi — Assambleya yig‘ilishlarini o‘tkazadi. Ushbu tadbirni mamlakatimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilganini tasdiqlaydi.
“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkaziladigan assambleyaning turkum yig‘ilishlarida jahon mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari qator yo‘nalishlarda muhokamalar olib boradilar.
Xususan, aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ilm-fan, texnologiyani rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Albatta, ushbu mavzular bejiz tanlanmagan. Chunki, so‘nggi 7-yilda mamlakatimiz Prezidenti boshchiligida ushbu sohalarda sezilarli ijobiy natijalarga erishildi. Avvalo, kambag‘allik mamlakatimizda rasman tan olinib, kambag‘allikni oldini olish uchun alohida vazirlik tashkil etilgan holda kambag‘allikni qisqartirish borasida alohida yo‘l xaritalari tasdiqlandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasida ijtimoiy davlat tamoyili mustahkamlandi. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish maqsad qilib olindi. Assambleya, O‘zbekistonning mana shunday ijobiy tajribasini jahon mamlakatlari bilan bo‘lishish, o‘rtoqlashish imkoniyatini ham beradi.
Ushbu nufuzli tadbirning mamlakatimizda o‘tkazilishi parlamentlar o‘rtasida xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, O‘zbekiston parlamenti faoliyati bilan tanishish, 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyani amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini kengaytirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, inson huquqlari, gender tengligi, yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda parlamentlar hamkorligini ko‘rib chiqishga xizmat qiladi.
Dilbar MAMAJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.