
Mamlakatning ravnaq topishi, xalqning farovonligi qo‘shni davlatlar va xalqlar bilan do‘stu hamkor bo‘lib yashashiga uzviy bog‘liqdir. Ayniqsa, tarixi, iqtisodiyoti, ijtimoiy hayoti va an’analari bir-biriga juda yaqin bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro hamjihatligi mintaqada barcha sohalar rivojlanishi uchun dolzarb ahamiyatga ega.
Tojikistonda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va mezbon davlat rahbarlarining tarixiy shartnoma imzolangan uch tomonlama uchrashuvi xalqlarimiz birodarligining yana bir oliy ifodasi bo‘lganini qayd etish joiz. Xalqlarimizning qalbini yanada yaqinlashtirgan, yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlagan uchrashuv nafaqat eski muammolarni hal qildi, shu bilan birga, yangi imkoniyatlar eshiklari keng ochilishiga zamin yaratdi. Bahor shukuhi bilan yo‘g‘rilgan ulug‘ ayyom kunlaridagi samimiy uchrashuv uchta davlatdagi kattayu kichik davralardagi suhbatlarning asosiy mavzusiga aylangani hammamizni faxru iftixorga to‘ldirdi.
Uchrashuv davomidagi ma’rifiy-madaniy tadbirlar yon qo‘shni davlatlarning bir-biriga ishonchi va xayrixohligi yangi darajaga chiqqanini butun dunyoga yana bir namoyon etdi. Ta’kidlash kerakki, jahon hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar Markaziy Osiyo davlatlarining hamjihatligini faol qo‘llab-quvvatlamoqda, turli formatlarda hamkorlikni kengaytirmoqda. Mustaqil rivojlanish tariximizda ilk bor uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi xalqlarimizning tinchlik va birodarlik sari doimiy intilishi ifodasi bo‘ldi.
“Bundan buyon chegaralar – birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makonidir”, dedi davlatimiz rahbari. Darhaqiqat, keyingi yillarda davlatlarimiz yetakchilarining yuksak siyosiy irodasi, o‘zaro bir-birini tushunib harakat qilishi ko‘p yillik muammolar samarali yechim topishi yo‘lida mustahkam asos yaratib berdi.
Asosiysi, davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari xalqlarimizning bir-biriga nisbatan mehrini yuksaltirib kelmoqda. Davlatimiz rahbari uch mamlakat madaniyat va san’at ustalarining konsertida xalqlarimizning muqaddas tuprog‘i, dini, taqdiri birligi, tashvish-u quvonchlari, intilishlari o‘xshash ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirgani, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ham strategik hamkorlik rivojlanayotgani ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tubdan kengayishiga xizmat qiladi.
Azaldan xalqlarimizning turmush tarzi, iqtisodiyoti o‘xshash bo‘lgan va bir-biriga bog‘liq bo‘lib kelgan. Chegaralarning emin-erkinligi, kelishuv va anglashuvlarning barqarorligi davlatlarimizning ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlariga yangi quvvat va shijoat qo‘shishiga shubha yo‘q. Barqaror daromad manbalari kengayadi, yangi ish o‘rinlari ko‘payadi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi bordi-keldi munosabatlarining tobora mustahkamlanib borayotgani ijtimoiy masalalarda ham yangi natijalarni namoyon qiladi.
Uch tomonlama uchrashuv doirasidagi muzokaralarda ishbilarmonlik va madaniy almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar sonini ko‘paytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Xalqlarimizning davlatlar o‘rtasida bemalol harakatlanishi, hayot va faoliyatni o‘zaro uyg‘unlikda rejalashtirishi butun Markaziy Osiyo mintaqasining yuksalishini ta’minlaydi.
Xalqlarimizning bunyodkorlik qudrati bilan bir-biriga talpinishi yon qo‘shni davlatlarning iqtisodiy qudrati oshishiga ham muhim kafolat bo‘ladi. Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlarining milliy parlamentlari bilan O‘zbekiston parlamenti o‘rtasida izchil demokratik muloqot muhiti rivojlanib borayotgani hamkorligimizning huquqiy asoslarini mustahkamlashga o‘ziga xos hissa qo‘shmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, Xalq demokratik partiyasining tashqi siyosat bilan bog‘liq pozitsiyasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik hamkorlikni rivojlantirib borish eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Shuning uchun biz bu boradagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz, ularning hayotga to‘liq tatbiq etilishida faol ishtirok etishga intilamiz.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.