
Reklama qonunchiligiga ko‘ra, taniqli shaxslar, san’atkorlar, jamoat arboblari, olimlar tomonidan dori vositalarini reklama qilish mumkin emas. Ammo bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellekt ko‘magida taniqli shaxslar qiyofasidan, ovozidan foydalanib, turli dori vositalarini reklama qilish holatlari uchrayapti. Ko‘p hollarda reklamada chiqayotganini bu mashhur insonlarning hatto o‘zlari ham bilmaydi. Bu esa reklama qonunchiligiga zid holatdir.
Umuman, qonunchiligimizda farmatsevtik mahsulotlar va ularga oid xizmatlar haqidagi reklama aniq va ishonchli bo‘lishi kerakligi, axborot mijozlariga yolg‘on, adashtirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mazmundagi reklama tarqatilmasligi kerakligi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari va deputatlari tomonidan bir qator hududlarda dori vositalarining reklamasi va savdosida qonunchilik talablariga qay darajada rioya etilayotgani o‘rganildi. Bu borada bir qator kamchiliklar, qonunga zid holatlar aniqlandi.
Bu haqda XDP Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova O‘zA muxbiriga batafsil gapirib berdi:
— O‘zbekistonda 2024 yilda ro‘yxatga olingan dorilar soni 2023 yilga nisbatan 30 foizga oshgan. Bu esa dorixonalarda sotilayotgan dorilar soni oshdi, deganidir. Ammo dorixonalarda dori-darmonlar sotilishiga oid tartiblarga to‘liq rioya qilinayotgani yo‘q. “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda qaysi dorilarni reklama qilish yoki qilish mumkin emasligi, qanday tartibda reklama qilish kerakligi belgilab qo‘yilgan. Ammo reklama qonunchiligi talablariga, belgilangan cheklovlarga rioya etilmayapti.
Partiyamiz tomonidan o‘rganishlardan kelib chiqib, dori-darmon reklamasi bo‘yicha qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish takliflari ishlab chiqiladi.
PS: Batafsil quyidagi videohavola orqali tanishishingiz mumkin.
Muhtarama Komilova,
Anvar Ahmedov (videomontaj),