“Imkoniyati cheksiz ayollar” forumi o‘tkazildi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida hamkor tashkilotlar bilan birga “Imkoniyati cheksiz ayollar” keng qamrovli forumini o‘tkazdi.

Forumni partiya Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov ochib berdi. Ta’kidlandiki, mamlakatimizda keyingi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilish, ularning davlat va jamiyat hayotida munosib ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash, har tomonlama to‘siqsiz muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, muhim ijtimoiy masalalar, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan ayollarimizning kundalik hayotidagi ayrim to‘siqlar hamon o‘z yechimini kutmoqda. Partiya yetakchisining qayd etishicha, ishga joylashishdagi to‘siqlar ham dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ish beruvchilar orasida hanuzgacha nogironligi bo‘lgan ayollarni ishga qabul qilishga nisbatan ehtiyotkor munosabat saqlanib turibdi. Bu esa ayollarning iqtisodiy mustaqilligi va ijtimoiy faolligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, ta’lim va kasb-hunarga qayta tayyorlash imkoniyatlari hali yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Ayniqsa, qishloq joylarda yashovchi nogironligi bo‘lgan ayollar uchun maxsus kurslar, inklyuziv ta’lim dasturlari yoki onlayn platformalardan foydalanish imkoni cheklangan. Bugungi raqamli zamonda bu kabi cheklovlar ularning hayotda o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtirmoqda.

Xalq demokratik partiyasi ushbu muammolarni nafaqat muhokama qilish, balki har bir sohada aniq amaliy yechimlar taklif etish zarur, deb hisoblaydi.

Xususan, partiya jamoatchilik va ekspertlar ishtirokida qonunchilikni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shaharsozlik va transport obyektlarida infratuzilmani moslashtirish, jumladan, temir yo‘l vokzallari, aeroport va shohbekatlarda ko‘zi ojizlar uchun elektron eshitish moslamalari, ovozli svetoforlar va ogohlantiruvchi elektron qurilmalarni joriy etish yuzasidan xorijiy tajriba o‘rganilib, aniq takliflar tayyorlanmoqda.

Forumda partiya ijtimoiy zaif qatlamlar, jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollar uchun arzon uy-joylar qurilishini kengaytirish tarafdori ekani ta’kidlandi. Bu borada partiya dasturida “Ijtimoiy turar joylar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish, nogironligi bo‘lgan ayollar, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalar, bolalar uyi bitiruvchilari uchun turar joylar barpo etish masalasi belgilanganiga alohida urg‘u berildi.

Forumda Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova opa-singillarimizning hayotini yanada yaxshilash yo‘lidagi islohotlar haqida so‘z yuritdi. Nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning mehnatini munosib baholash orqali faollikni oshirish, opa-singillarimizning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash jamiyatimizda dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi.

Forumda ishtirokchilar ham fikr-mulohazalarini bildirib, nogironligi bo‘lgan tadbirkor ayollar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shundan so‘ng nogironligi bor xotin-qizlar uchun mavjud grantlar, loyihalar va ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Forum doirasida ayollar tomonidan yaratilgan mahsulotlar va ijod namunalarining auksioni, shaxsiy o‘sish, kasbiy rivojlanish, ijtimoiy ko‘nikmalar, tadbirkorlik, stressni boshqarish masalalariga bag‘ishlangan motivatsion master-klasslar ham juda qizg‘in o‘tdi.

Ijtimoiy, iqtisodiy va kasbiy rivojlanishga qaratilgan masalalar muhokama qilinib, nogironligi bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Forum yakunida nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning mehnati, ijtimoiy va professional sohalardagi yutuqlarini e’tirof etish maqsadida taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Ushbu forum doirasidagi keng qamrovli tadbirlar intiluvchan opa-singillarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish Xalq demokratik partiyasi uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanining amaliy ifodasi bo‘ldi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish