Bugungi O‘zXDP fraksiyasi yig‘ilishida O‘zLiDeP fraksiyasining bir guruh a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni soddalashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Gap shundaki, O‘zLiDeP vakillari o‘z elektorati, ya’ni tadbirkorlar – ish beruvchilar manfaatlari nuqtai nazaridan ishlab chiqqan qonun loyihasi tadbirkorlik subyektlarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarni ishdan bo‘shatish jarayonlarini go‘yoki “soddalashtirish” nazarda tutadi.
Xususan, loyihada mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki mahalliy mehnat organi bilan kelishish jarayonlarini soddalashtirish orqali xabardor qilish tartibiga o‘tkazish, tadbirkorlik subyektlarida o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ogohlantirish muddati va kompensatsiya to‘lovlarini bekor qilish kabi kutilmagan tashabbuslar bor.
Mehnat kodeksida davlat va xususiy sektorda ish beruvchilar uchun bir xildagi ijtimoiy majburiyatlarning nazarda tutilishi xususiy sektor, ayniqsa kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy barqarorligiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda, deyiladi loyihaning asoslash-tushuntirish xatida.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolari qonun loyihasining bunday tartibda asoslantirilishiga qarshi fikr bildirdi. Jumladan, fraksiya a’zosi Sharofiddin Nazarov xususiy sektor hamda davlat tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarning huquq va va vakolatlari har xil bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi. Ta’lim sohasida ham, tibbiyotda ham, umuman, deyarli barcha sohalarda xususiy sektor faoliyat yuritadi. Ularga ijtimoiy majburiyatlar borasida imtiyozlar berilishi xodimning mehnat huquqlari, Konstitutsion manfaatlariga zid sanaladi. Shundan kelib chiqib, deputat qonunning bunday asoslantirilishi mumkin emas, degan xulosa bildirildi.
Partiya fraksiyasi a’zosi Shokirjon Ahmedov kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligini olmasdan turib, shunchaki xabardor qilish bilan xodimni ishdan bo‘shatish mumkinligi haqidagi me’yor fundamental mehnat huquqiga zid kelishini ta’kidladi.
Qay etilishicha, tushuntirish xatida norasmiy sektorda bandlik bilan bog‘liq muammolar borligi vaj qilib ko‘rsatilgan. Ammo ijtimoiy himoya masalalarini olib tashlash, ishdan bo‘shash haqidagi ariza muddatini qisqartirish, o‘rindoshlik asosida ishlaganlar uchun kompensatsiya to‘lovlarini xususiy sektorda bekor qilish kabi masalalar norasmiy sektorning yanada kuchayishiga olib keladi. Shu bilan birga, odamlarda ushbu tizimga nisbatan ishonchni kamaytiradi.
Deputat Anvarjon Nurmatov ham qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zLiDeP vakillari taklif etayotgan qonun tashabbusida tadbirkorlarning huquqlari himoyasi ilgari surilgan, biroq ijtimoiy himoya masalalari chetda qolib ketgan. Vaholanki, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida o‘zini e’lon qilganidan keyin ijtimoiy majburiyatlarni kamaytirish emas, aksincha, oshirish nazarda tutilgan.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi esa xususiy sektorning “yuki”ni kamaytirib, majburiyatlarini yengillashtirishni nazarda tutmoqda. Demak, xodimlarning mehnat huquqlari ta’minlanmasligi kabi holatlar ortishi mumkin.
Fraksiya a’zolari yana ko‘plab masalalarda o‘z e’tirozlarini bildirdi, bir-biriga zid jihatlar haqidagi savollariga berilgan javoblardan qoniqish hosil qilmadi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi qonun loyihasining konsepsiyasiga mutlaq qarshi chiqdi.
Fraksiya majlisida boshqa qonun loyihalari ham elektorat manfaatlari nuqtai nazaridan atroflicha muhokama etildi.