
Toshkent shahri yana bir muhim sanoat tadbiriga mezbonlik qilmoqda — INNOPROM Markaziy Osiyo V-Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu tadbir nafaqat mintaqa davlatlari, balki butun dunyo sanoat va iqtisodiy hamjamiyati uchun katta ahamiyat kasb etadi.
INNOPROM ko‘rgazmasi — xalqaro sanoat sohasidagi eng nufuzli platformalardan biri bo‘lib, Markaziy Osiyo mintaqasidagi sanoat, innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish, hamkorlikni kuchaytirish va yangi investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qiladi. Tadbirda asosiy e’tiborni sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, energetika, mashinasozlik, kimyo va farmatsevtika sohalariga qaratilgan.
Bu yilgi ko‘rgazmada 15 dan ortiq davlatdan 400 ga yaqin kompaniya va tashkilotlar ishtirok etmoqda. Unda Rossiya, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlardan 10 mingdan ortiq delegatlar hamda yetakchi kompaniyalari o‘z stendlari bilan ishtirok etmoqdalar.
INNOPROMda ishtirok etayotgan kompaniyalar o‘zining eng yangi ishlanmalari, sanoat uskunalari, ilg‘or texnologik yechimlari va eksport mahsulotlarini namoyish etishmoqda. Ko‘plab delegatsiyalar o‘z davlatlarining sanoat salohiyatini ochib berish maqsadida maxsus taqdimotlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ko‘rgazma doirasida qator muhim hujjatlar imzolanishi, ya’ni xususiy sektor va davlat tashkilotlari o‘rtasida yangi hamkorlik memorandumlari, investitsiya shartnomalari tuzilishi, qishloq xo‘jaligi texnikasi, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik bo‘yicha katta kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tadbir davomida biznes-uchrashuvlar, seminar va panel muhokamalar tashkil etilib, ular orqali kompaniyalar o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
INNOPROM Markaziy Osiyo ko‘rgazmasi innovatsiyalarning namoyishi uchun samarali platforma hisoblanadi. Qatnashchilar yangi robototexnika yechimlari, sun’iy intellekt asosida ishlovchi sanoat tizimlari, «aqlli fabrikalar» konsepsiyasi va sanoatda raqamli transformatsiyaning amaliyotdagi namunasi bilan tanishmoqdalar. Bunday ilg‘or texnologiyalar O‘zbekiston va boshqa mintaqa davlatlarining iqtisodiy o‘sishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, INNOPROM Markaziy Osiyo V-Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bir necha jihatdan o‘zini o‘zi oqlashi shubhasiz, u nafaqat mintaqadagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki sanoat sohasida yangi istiqbolli loyihalar uchun poydevor yaratadi.
Bugungi globallashgan dunyoda bunday tadbirlar xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, texnologik taraqqiyotni tezlashtirish va milliy iqtisodiy siyosatni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
INNOPROM Toshkent ko‘rgazmasi buning yorqin namunasi bo‘lmoqda va unda ishtirok etgan har bir davlat hamda kompaniya kelgusi yillar uchun muhim tajriba va imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Shokirjon AHMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi,
Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va
sanoat masalalari qo‘mitasi a’zosi.