Ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash manzilli bo‘ladi
Ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash manzilli bo‘ladi

 

2020-yilga qadar ham O‘zbekistonda kambag‘allar bor edi.

Ammo biz nazdimizda buni tan olmasdik. Aniqrog‘i, bu haqida hech nima bilmasdik. Chunki bu ochiq muhokama qilinmadi, u haqida ko‘p yillar yopiq eshiklar ortida gaplashildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 7,5 million yoki 23 foiz aholining daromadi kambag‘allik chegarasiga ham yetmasdi. Ammo bu atama ham, mamlakatda kambag‘allik darajasi yuqoriligi ham mutlaqo tan olinmasdi.

Ancha payt yopiq mavzu bo‘lgan kambag‘allik sekin-asta, ayniqsa, pandemiya davrida suv yuzasiga qalqib chiqa boshladi. Kambag‘allik holatiga tushib qolishdan ko‘ra, undan chiqib ketish qiyinroq ekani yanada oydinlashdi.

Bundan 5 yil avval davlatimiz rahbari katta minbardan turib, mamlakatda kambag‘allik darajasi va unga qarshi kurashish haqida gapirdi. Tariximizda birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. O‘shanda Prezidentimiz mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini ma’lum qilgan edi. Bu 4-5 million aholi yetarli daromad manbaiga ega emasligini, ijtimoiy himoyaga muhtojligini bildiradi.

Kambag‘allik tor doiradagi tushuncha emas. Bu faqat moddiy qiyinchilikda, nochorlikda kun ko‘rayotgan odamlarga taalluqli bo‘lgan masala emas. Kambag‘allik xalqning sog‘lig‘i, davlatning imkoniyatlari, fuqarolarning ustuvor huquqlari ta’minlanishi, umumiy salohiyati bilan chambarchas bog‘liq masaladir.

To‘g‘ri, kambag‘allik har qaysi zamonda ham bo‘lgan, har bir mamlakatda bor. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Asosiy masala kambag‘allikka qarshi qanday kurashilishi, davlat va jamiyatning sa’y-harakatlari birlashishi, aniq maqsadga yo‘naltirilishida. Hamma gap masalaga to‘g‘ri yondashishda. Shularni inobatga olib, kambag‘allikni qisqartirish masalasi kun tartibiga chiqdi. «Boy bo‘lsang, kunda hayit, kunda to‘y, yo‘q bo‘lsang, kunda hasrat, kunda o‘y», deb bejizga aytishmaydi, axir.

 

O‘zbekiston kambag‘allikka qarshi jiddiy kurashmoqda

Mamlakatimizda kambag‘allik darajasini 2026-yilning yakuniga qadar 2022-yilga nisbatan ikki baravarga, shuningdek, 2030-yilgacha keskin qisqartirish strategik maqsad sifatida belgilangan. Natijaga erishish uchun qator mexanizmlar hayotga izchillik bilan tatbiq etilyapti.

2021-yilda O‘zbekistonda ilk bor kambag‘allik mezoni sifatida minimal iste’mol xarajatlari miqdori belgilandi.

Oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash uchun jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga, ya’ni, kambag‘allik chegarasiga tenglashtirildi.

Oxirgi 4 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga kamaydi.

Joriy yilda esa yana 1,5 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish, 5 mln 200 ming kishini ishli qilish mo‘ljallanmoqda.

Joylardagi davlat va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda «Temir daftar» lar tashkil etilib, ehtiyojmand, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar qo‘llab quvvatlanmoqda. Hududlarda kambag‘allik darajasini qisqartirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, aholini kasbga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda muhtoj qatlamni manzilli qo‘llab-quvvatlash umummilliy harakat sifatida belgilandi.

Jahon bankining e’tirof etishicha, O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida eng yuqori natijaga erishayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi.

Eng muhimi, bu ishlar orqali tushkun kayfiyatda bo‘lgan oilalar boqimandalik ruhiyatidan chiqishi, bandlik darajasi oshishi yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

 

100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmatlar taqdim etiladi

Yaqinda davlat rahbariga ehtiyojmand aholini qo‘llashning yangi chora-tadbirlari taqdim etildi. Ya’ni, kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish bo‘yicha berilgan axborotda ehtiyojmand insonlarga berilayotgan e’tibor, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga oid haqida ma’lumot berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, endilikda kam ta’minlangan oilalar uchun qambag‘allikdan chiqishning individual rejalari tasdiqlanadi.

Qayd etildiki, kambag‘al oilalarni ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab, uch toifada qo‘llab-quvvatlash taklif qilinmoqda.

Kambag‘al oilalarga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etiladi. «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritish tartib- taomillari qonunchilik hujjati darajasida belgilanadi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar tasdiqlanib, manzilli xizmat va yordamlar ko‘rsatiladi. Bunday insonlar bandligini cheklovchi omillar bartaraf etilib, muayyan daromad topishiga sharoit yaratiladi.

Kambag‘al oila farzandlari maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi, a’lo bahoga o‘qiganlar oromgohlarda bepul dam olishi mumkin bo‘ladi. Kambag‘al oiladan chiqqan a’lochi talaba-qizlarga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdorida maxsus stipendiya to‘lanadi.

 

Nogironligi borlar uchun qulay sharoit

O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslar siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotda boshqalar bilan teng ravishda to‘liq va samarali ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ularning bilim olishi, ishga joylashishi va oila daromadiga ulush qo‘shishi, eng muhimi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun ko‘maklashish ustuvor vazifalardan biridir.

Shundan kelib chiqib, taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash choralari haqida ham axborot berildi.

Taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlagan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari beriladi. Shuningdek, bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi pasaytiriladi, tadbirkorlarga ularni ish bilan ta’minlash uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan 500 million so‘mgacha miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, elektron savdo maydonchasi orqali nogironligi bor shaxslarga tegishli tovar va xizmatlarni xarid qilish miqdori oshiriladi. Ularga kasb-hunar o‘rgatish uchun texnikumlarda inklyuziv ta’lim guruhlari tashkil etiladi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish maqsadida «Faol hayotga qadam» dasturi joriy etiladi. Bunday insonlarga kunduzgi qatnov asosida yoki uyda qarab turish, maishiy yumushlarda ko‘maklashish, yo‘qotilgan harakat faolligini qayta tiklash, kasalliklarning oldini olish kabi tibbiy-ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, ularning tizimliligi va bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

Anvarxon TEMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Aslida, kambag‘allikka barham berish juda katta qamrovga ega bo‘lgan masala hisoblanadi. Bunda kimgadir ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Odamlarga yoppasiga kredit berish yoki pul tarqatish bilan kambag‘allikni yengib bo‘lmasligini isbotlashga hojat yo‘q, albatta. Bu iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda kompleks choralarni talab etadi.

Shu boisdan bugun iqtisodiyotdagi barcha sa’y-harakatlar aholi uchun daromad manbai yaratish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilmoqda. Endilikda aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha iqtisodiyotning o‘zgarishiga qarab, yangi yondashuvlar joriy etilmoqda.

O‘tgan haftada davlatimiz rahbariga oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish tadbirlari haqida axborot berildi. Taqdimotda kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish chora-tadbirlari haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, kambag‘al oilalarni ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab, uch toifada qo‘llab-quvvatlash taklif etilmoqda.

Kambag‘al oilalarga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etilishi, aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar tasdiqlanib, manzilli xizmat va yordamlar ko‘rsatilishi ehtiyojmand odamlarimiz uchun ayni muddao bo‘ldi. Eng muhimi, bunday insonlar bandligini cheklovchi omillar bartaraf etilib, muayyan daromad topishiga sharoit yaratiladi.

Xalq demokratik partiyasi bu islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi, albatta. Aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va tibbiyotga e’tiborni kuchaytirish, ijtimoiy himoyani takomillashtirish masalalari partiyamiz uchun prinsipial ahamiyatga egadir.

Masalan, aytaylik, kambag‘al oilalarga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etilishi davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya dasturlarini hayotga samarali tatbiq etishda muhim, albatta. Bu ehtiyojmand fuqarolar, ayniqsa, og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlashda alohida ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.

Kambag‘al oila farzandlari maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlari uchun to‘lovdan ozod qilinishi bu ularning ota-onalari uchun ishlash, farzandlarining esa ta’lim olishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, oila farovonligiga xizmat qiladi.

Umuman olganda, so‘nggi yillardagi tajribalar asosida kambag‘allikni qisqartirish yangi bosqichga olib chiqiladi. Ehtiyojmand insonlarning ehtiyojlari, xohishi va imkoniyatlari qo‘llab-quvvatlanadi. Shu orqali ular faol jamiyatga olib kiriladi.

Barchamiz uchun endigi vazifa – ushbu tashabbus va takliflarni to‘liq amalga oshirishdan iborat.

 

Abror QURBONOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

– O‘zbekiston – ijtimoiy davlat. Konstitutsiyamizda mustahkamlangan ushbu tamoyil asosida mehr va ko‘mak tizimi aholiga yaqinlashtirilmoqda. Masalan, aytaylik, barcha hududlarda «Inson» markazlari ochilib, mahallalarda ehtiyojmand fuqarolar uchun ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Zotan, ijtimoiy himoya, avvalo, huquqlar va imkoniyatlar tengligi masalasi, har bir inson insondek munosabatga loyiq degani hamdir.

Taqdimotdan bir narsaga yana bir bora amin bo‘ldimki, endilikda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi. Tizimni kuchaytirishga doir yangi tashabbuslar bildirildi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash e’tibor markazida bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 1 million nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar bor. Ularga qulay sharoit yaratish, ta’lim berish, munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi nihoyatda dolzarbdir. Chunki, insonning qo‘li kaltaligi yoki boshqa imkoniyatlari cheklangani uning huquqlari cheklanishiga olib bormasligi zarur.

Shundan kelib chiqib, taqdimotda bu bo‘yicha ham tizimli va qat’iy rejalar muhokama etildi. Jumladan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish maqsadida «Faol hayotga qadam» dasturi joriy etiladi.

Bunday insonlarga kunduzgi qatnov asosida yoki uyda qarab turish, maishiy yumushlarda ko‘maklashish, yo‘qotilgan harakat faolligini qayta tiklash, kasalliklarning oldini olish kabi tibbiy-ijtimoiy xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishi ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning ifodasidir. Bu odamlarimiz o‘rtasida mehr-oqibat, insoniylik fazilatlarini kuchaytiradi. Doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan nogironligi bor yurtdoshlarimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan birga ularning ko‘nglini ko‘tarish, hayotga umidi va ishonchini oshirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz bu masalada nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirib, aynan kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish, nogironligi bor shaxslar bandligini ta’minlash yo‘nalishlarini kerak bo‘lsa, har chorakda sessiyada ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq. Chunki, mazkur masalalar Xalq demokratik partiyasi g‘oyalari bilan chambarchas bog‘liq.

 

***

Albatta, har bir quvonchli o‘zgarish, yangilik minglab, millionlab odamlarning ruhiyatini ko‘taradi, yuksalishga ilhomlantiradi. Rejalar ulkan, tizimda yaxshi yangiliklar ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Vazirlik-idoralar, hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar zimmasidagi mas’uliyat katta. Xalqimiz belgilangan vazifalar ijrosini aniq natijalarda kutadi.

Xalq demokratik partiyasi jamiyatimizda huquqlar va imkoniyatlar tengligi ta’minlanishi, deputatlik va keng jamoatchilik nazoratini olib borish bo‘yicha qat’iy vazifalar belgilab oladi, degan umiddamiz.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 7.5.2025, №18

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish