Minnatdor avlodlar e’tirofi
Minnatdor avlodlar e’tirofi

 

Xotira va qadrlash. Bu tushunchalar zamirida xalqimizga xos ezgu fazilatlar mujassam, inson zoti naqadar aziz, mukarramligi o‘z ifodasini topgan.

O‘tganlar xotirasini e’zozlash, bugungi tinch, osoyishta kunlarga yetishimizda fidoyilik ko‘rsatgan faxriylar, nuroniy otaxon-u onaxonlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish ezgu an’analarimiz qatoridan joy oldi. Chunki Vatan ravnaqi, xalqning tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi.

Davlatimiz rahbarining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ham bu borada olib borilayotgan ishlarni yanada yaxshilash, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida mehnat qilgan faxriylarga yuksak hurmat ko‘rsatishning yorqin namunasidir. Mazkur hujjat asosida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida mehnat qilgan faxriylar uyiga borilib, o‘sha yerning o‘zida ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu esa bugungi yosh avlod qalbida vatanparvarlik va yurtga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni kunlarda yolg‘iz va kam ta’minlangan keksalar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining yashash joylari ta’mirlanib, obodonlashtirilmoqda. Ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilyapti. Urush qatnashchilari va uning oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslarga, front orti mehnat faxriylariga “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medallari topshiriladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiyot xodimlari biriktirilgan holda doimiy ravishda patronaj xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu ham yurtimizda ularga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasidir.

Ikkinchi jahon urushida qancha-qancha o‘g‘lonlarimizga ona yurtiga qaytish nasib qilmagan. Gulday hayoti, yigitlik davri jang-u jadalda o‘tib, xoki o‘zga yurtlarda qolib ketgan. Ularning xotirasini yod etish esa bugungi avlodning muqaddas burchidir.

O‘sha paytlarda O‘zbekistonda 6 milliondan ortiq aholi yashagan bo‘lsa, har uchinchi oilaning otasi yoki farzandi urushga ketgan. Bu bizning oilani ham chetlab o‘tmadi. Bobom 1942 yilda frontga ketgan. Buvim 4 farzand bilan yolg‘iz qolgan. Eng kichik amakim bobom ketgandan keyin tug‘ilgan. O‘shanda dadam 12 yoshda bo‘lgan. Otam bolalikni chetlab o‘tib, birdaniga “katta” bo‘lib, kattalar bilan birga mehnat qilgan.

Dadam buvim bilan birgalikda yelkama-yelka turib ro‘zg‘orga qarashgan. Dadamni bobom ishlagan joyga ishga olishgan. Hali yosh bo‘lgani uchun pochtalyon vazifasida ishlagan.

Otam o‘sha paytdagi qiyinchiliklarni ko‘p xotirlardi, bizga aytib berardi. Shuning uchun har doim u bilan gaplashsam, bobomni hayotda ham ko‘rgandek bo‘laverardim.

Otam frontdan kelgan xatlar haqida so‘zlardi. Dadamning aytishicha, bobom oxirgi xatlarida shunday degan ekan: “Biz ertaga sahardan katta to‘yga kiramiz...”. Urush desam bolalar qo‘rqmasin, deb shunday deb yozgan shekilli.

Shundan keyin otasidan boshqa xat kelmagan. Keyinroq esa qora xat kelgan. Otam, amakilarim ko‘p yillar bobomning qabrini, qayerga dafn etilganini qidirishdi. Lekin topisholmadi. Juda ko‘p arxivlarda yurishgan. Hattoki Belorussiyaning ko‘p o‘rmonlarida yurib, juda ko‘p qabrlarni ko‘rishgan. Lekin birortasida bobomning familiyalari chiqmagan. Keyinchalik Marg‘ilon shahridan bedarak ketganlar haqidagi xotira kitobidan Ma’rufjon Oripov nomini topganmiz. Bu mening bobom edi. Biz shunday mard va jasur insonning farzandlari, avlodlari ekanligimizdan butun oilamiz bilan g‘ururlanib yashaymiz. Bobomning xotirasi doimo biz bilan!

Bunday odamlar yorug‘ dunyoning ko‘rki, fayzi, barakasi bo‘lgan. Ayniqsa, urush ko‘rganlar, minglab qurbonlarning shohidi bo‘lgan, bizga haq va nohaqni ajratib, hayot yo‘lini ko‘rsatgan.

Umuman olganda, mamlakatimizda ham Ikkinchi jahon urushida qatnashgan kishilar tobora kamayib bormoqda. Shunday ekan, ularni qancha qadrlasak, hurmat bajo keltirsak, e’zozlasak shuncha kam. Hayot bor ekan, xalqimiz bu qahramon jangchilar xotirasini hech qachon unutmaydi. Vatan va xalq ozodligi, kelgusi avlodlarning baxt-u saodati yo‘lida mardlik va jasorat ko‘rsatgan insonlar xotirasi hamisha barhayot yashaydi.

 

Gulnora MA’RUFOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi,

O‘zXDP a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 7.5.2025, №18

 

 

 

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish