
Bugungi tinch va farovon kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash bag‘rikeng va oliyjanob xalqimiz uchun qadriyat darajasiga ko‘tarilgan.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalq deputatlari Koson tuman Kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputat Murod Mo‘minov tashabbusi bilan hamda O‘zbekiston XDP viloyat kengashi hamkorligida Koson tumanidagi “Etak” mahalla fuqarolar yig‘inida “Unutmoq osonmas sizlarni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari, partiya faollari, nuroniylar, mahalliy kengashlar deputatlari, yoshlar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida olib borilayotgan ishlarni aniq misollar asosida sanab o‘tdilar. Bu borada partiya tashkilotlari ham faollik va namuna ko‘rsatayotgani tilga olindi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi “Faxriylar Kengashi” a’zolari hamda partiyadan saylangan xalq deputatlari tomonidan “Uch avlod uchrashuvi”, “Keksalar haftaligi” singari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish, har bir tuman va shaharda faxriylar bilan ishlash ko‘lamini kengaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlikni qadrlash, to‘y-hasham, ma’raka va marosimlarda ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik masalasiga ham urg‘u berildi.
Bir piyola choy ustida davom etgan suhbatda nuroniylar o‘zlariga ko‘rsatilayotgan e’zoz-u ehtiromdan minnatdorligini bayon qildilar. Tinchligimiz abadiy bo‘lishini, zamondoshlarimiz qalbida shukronalik tuyg‘usi aslo yo‘qolmasligini tilab, duoga qo‘l ochishdi.
Muzaffar TUROPOV,
O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi o‘rinbosari.
«O‘zbekiston ovozi», 7.5.2025, №18